2020 yilning bahori erta keldi(mi?)

Hali fevral oyi endigina kirib kelgandayoq ijtimoiy tarmoqlarda boychechak chiqqanidan darak beruvchi suratlar tarqala boshladi. Hali oldinda qishning bir oyi bo‘lgani uchunmi, ko‘pchilik bahorning ilk belgisi - matonatli boychechakka shafqat bilan qarab qo‘yishganday bo‘ldi. Hali oldinda qor-yomg‘irlar, dovullar bor, nobud bo‘larkanda bu mittigina gul, deya qarashda unga.

Ammo tabiatning o‘z qoidalari bor. Ayniqsa, ko‘klam bilan qish orasidagi muvozanat shunchalik nozikki, kezi kelganda, qish chiqib, bahor kirganini his qilsak-da, aqlimiz bilan ilg‘ab ololmaymiz. Ehtimol, qishning sovuq havosi, kundalik yumushlaru tashvishlar ko‘nglimizni qaysidir muddatga to‘nglatib qo‘yar…

Ehtimol, qishning tuzuk-quruq bo‘lmagani, ilgarigiday qorning bostirib yog‘magani-yu, irimiga bo‘lsa ham qor kurmaganimizdan allanechuk o‘ksib, bahorning erta kelib qolganidan ranjib ham qolarmiz.

Ammo bizning o‘y-xayollarimiz tabiat qoidalari bilan har doim ham hamohang kelavermaydi. Balki, oldinda hali qor, yog‘ingarchiliklar bo‘lar. Ammo bu yilgi bahorning ilk chechagi yuz ochdi. Demak, bahor yaqin, yurtga ko‘klam nafasi urildi. Buni erta tongda turib, bahorday o‘ynoqi, sarrin yellardan bahramand bo‘lib, to‘yib-to‘yib nafas olayotgan va ich-ichidan «yetkazganiga shukur», deb qo‘yayotgan ko‘ngillar ham tasdiqlaydi.