Elektron hisobvaraq-fakturalar tizimidan foydalanish bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari tomonidan Urgut tumani davlat soliq inspeksiyasida tadbirkorlik sub’yektlari uchun elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanishning tartib-qoidalari bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminarda tumanda faoliyat yurituvchi 30 dan ziyod tadbirkorlik sub’yekti vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 25 iyundagi “O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi.

Bundan tashqari, elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish, saqlash, himoya qilish va ishlash mexanizmlari slaydlar yordamida tushuntirildi.

– Faoliyatimda kontragentlarimdan menga yuborilgan elektron hisobvaraq-fakturalarni qabul qilishda muammolarga duch kelayotgan edim, – deydi “Urgut fayz savdo” MChJ bosh hisobchisi Laziz Salomov. – Ushbu seminarda elektron hisobvaraq-fakturalarni jo‘natish va qabul qilish, tizimdan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldim.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.