Андроид қурилмалар учун Zarnews.uz мобил иловаси. Юклаб олиш x

Shukur qilgin

Yeyarga bir kunlik osh-noning bo‘lsa,
So‘roqlab keluvchi mehmoning bo‘lsa,
O‘zingdan orttirib, ehsoning bo‘lsa,
Yaratgan egamga shukurlar qilgin,
Joynamoz ustida zikrlar qilgin.

Yurting tinch, har yonda yor-yor ovozi,
Har kuni bir to‘yga taklif qog‘ozi.
Bunday gul hayotdan bo‘lmay norozi,
Olamlar robbiga shukurlar qilgin,
Yurgan-turganingda zikrlar qilgin.

Boshga ish tushganda yor bo‘lsin sabr,
Jannatdan o‘zingga qurib qo‘y qasr.
Ulgurgin o‘ziga chorlamay qabr,
Halim, hakim zotga shukurlar qilgin,
Oshkora-pinhona zikrlar qilgin.

Naf yo‘qdir yig‘ilgan oltinu moldan,
Tilingni tiy, g‘iybat va ko‘p savoldan.
Umid uzma! Oxiratda visoldan
Ko‘rsatgan kuniga shukurlar qilgin,
Tilingda, dilingda zikrlar qilgin.

Har ishni boshlashda bismilloh, deb ayt,
Imonda sobit tur, qaytargandan qayt.
Qo‘ling ishda bo‘lsin, ey Anvar, har payt,
Rizq-ro‘z beruvchiga shukurlar qilgin,
Duoyu salovot - zikrlar qilgin.
Anvar ERMAMATOV.