Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar qanday imtiyoz va yengilliklarga ega?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 iyuldagi
566-sonli “O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bilan “O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlandi.

Kimlar o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro hisoblanadi?

O‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar – xizmatlar ko‘rsatishni, ishlar bajarishni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmagan va yollanma mehnatdan foydalanmaydigan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini rasmiylashtirgan shaxslardir.

O‘zini o‘zi band qilganlar jumlasiga quyidagi jismoniy shaxslar kiradi:

  • mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan;
  • yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmagan;
  • o‘z faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydigan jismoniy shaxslar.

Yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari, hunarmandchilik faoliyati sub’yektlari va dehqon xo‘jaliklari a’zolari o‘zini o‘zi band qiluvchilar deb hisoblanmaydi.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan  24 ta faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari bo‘yicha mehnat organlari tomonidan ular doimiy yashash joyidan qat’i nazar (eksterritoriallik prinsipi bo‘yicha) Vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi.

Guvohnoma qanday olinadi?

Mehnat guvohnomasini berish uchun ariza o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro tomonidan mehnat organiga shaxsan taqdim etilishi, vakili orqali, buyurtma xat bilan yoxud elektron shaklda mehnat guvohnomalarini olish uchun onlayn-maydoncha orqali yuborilishi mumkin.

Arizada:

ariza beruvchining familiyasi, ismi va otasining ismi;

pasport seriyasi va raqami;

soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);

ariza beruvchi mehnat guvohnomasini olishni xohlagan muddat (oylar soni);

o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga ular bo‘yicha vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladigan tasdiqlangan Faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari ro‘yxatidan xizmatlar (ishlar) turlari (ariza beruvchining xohishiga ko‘ra) ko‘rsatiladi;

o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini yuritishning mo‘ljallanayotgan joyi (hudud) (ariza beruvchining xohishiga ko‘ra ko‘rsatiladi);

ariza beruvchining pochta manzili, mobil telefon raqami va u bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar;

ariza beruvchi olishdan manfaatdor bo‘lgan mehnat organi tomonidan taqdim etiladigan imtiyozli xizmat(lar) tur(lar)i ko‘rsatiladi (ariza beruvchining xohishiga ko‘ra ko‘rsatiladi).

Arizaga:

ariza beruvchining 3x4 o‘lchamli bitta fotosurati;

mehnat guvohnomasini berish uchun ariza berishda ariza beruvchi tomonidan ko‘rsatilgan muddatga mos miqdorda (oylar soni) mehnat guvohnomasi berilganligi uchun belgilangan to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov hujjatining nusxasi ilova qilinadi.

To‘lov miqdori hujjat beriladigan muddatga bog‘liq va bazaviy hisoblash miqdoriga karrali hisoblanadi:

  • 1 oyga – 0,5;
  • 3 oyga – 1,4;
  • 6 oyga – 2,6;
  • 9 oyga – 3,7;
  • 12 oyga – 4,5.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqaro onlayn-maydoncha orqali ariza bergan bo‘lsa, uni tasdiqlash o‘z mobil aloqa vositasiga qisqa xabar “SMS-xabar” olish orqali olingan tegishli kodni kiritish yo‘li bilan tasdiqlanadi.

Bunda arizaga quyidagi fayllar biriktiriladi:

ariza beruvchining 3x4 o‘lchamli fotosuratlari;

ariza beruvchi mehnat guvohnomasini olishni xohlagan muddatga (oylar soniga) muvofiq miqdorda mehnat guvohnomasi berilganligi uchun belgilangan to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi skanerlangan to‘lov hujjati. To‘lovni onlayn-maydoncha orqali amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi.

Arizalar 3 kunda ko‘rib chiqiladi.

Vaqtinchalik mehnat guvohnomasi nima beradi?

Birinchidan, soliq imtiyozlari:

  • o‘zini o‘zi band qilish sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan daromadlarga Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinmaydi;
  • tashkilotlar jalb qiladigan ko‘rsatilgan fuqarolar mehnatiga haq to‘lash Yagona ijtimoiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish ob’yekti hisoblanmaydi.

Ikkinchidan, mehnat faoliyati haqiqatda bajarilgan yoki bajarilmaganligidan qat’iy nazar guvohnomada ko‘rsatilgan davr yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini hisoblash uchun qabul qilinadigan ish stajiga hisoblanadi.

Uchinchidan, kamida 6 oy amal qiladigan muddatga mehnat guvohnomasini rasmiylashtirgan o‘zini o‘zi band qiluvchi mehnat organi tavsiyasiga ko‘ra o‘z faoliyat turi uchun imtiyozli mikrokreditlar olishi mumkin.

To‘rtinchidan, o‘zini o‘zi band qiluvchilarga (3 oygacha davom etadigan) qisqa muddatli kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malaka oshirish, shuningdek, tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish kurslarida bepul o‘qitish kafolatlanadi.

Beshinchidan, o‘zini o‘zi band qilganlarga mehnat qurollarini (motokultivatorlar, o‘t o‘rish o‘roqmashinalari, perforatorlar, payvandlash apparatlari va hokazo), shaxsiy himoya vositalari va ish kiyimini imtiyozli asosda ijaraga berish punktlari ochiladi.

Oltinchidan, guvohnomada ko‘rsatilgan davr pensiyani hisoblab chiqarish uchun o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning mehnat stajiga kiritilishi bilan birgalikda, fuqarolarga banklardan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armalari hisobiga imtiyozli mikrokreditlar ajratiladi.

Mehnat guvohnomasi ariza beruvchining xohishiga ko‘ra 1 oydan 12 oygacha muddatga, mehnat organlari tomonidan fuqarolarning doimiy yashash joyidan qat’iy nazar beriladi.

Amal qilish muddati tamom bo‘lgunga qadar yangi guvohnoma olish uchun takroran murojaat qilish mumkin, bunday takroriy murojaatlar soni cheklanmagan.

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari, ularning egalariga mehnat stajini hisobga olish va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi berilishini nazarda tutadigan tartib 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab joriy etiladi.

 

SAMARQAND VILOYaT BANDLIK BOSh BOShQARMASI