Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yapon ishbilarmonlari Toyloqda gipermarket quradi

Jomboy tumanidagi "JV MAN AUTO UZBEKISTAN" qo‘shma korxonasida 2019-2020 yillarda viloyatimizning Jomboy, Toyloq, Payariq, Bulung‘ur va Oqdaryo tumanlarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotda tumanlar hokimlari, investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlar, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar, tijorat banklari rahbarlari hamda loyiha tashabbuskorlari har bir loyi­haning istiqboli, yaratiladigan ish o‘rinlari, kiritiladigan sarmoya, raqobatbardoshlik, ishlab chiqarish quvvati, mahsulot eksporti kabi jihatlarni muhokama qilishdi.

Misol uchun, Jomboy tumanida 2019-2020 yillarda umumiy qiymati 1030 milliard so‘mlik 165 ta loyihani amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan bo‘lsa, uning 20 377 ming dollari Dominikan, Turkiya, Kanada, Ukraina, Xitoy va Rossiya sarmoyadorlarining mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu loyihalar samarasida tumanda 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Toyloq tumanida esa 12 million 450 ming AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘larini jalb etgan holda umumiy qiymati 377 milliard 625 million so‘m bo‘lgan ekoturizmni rivojlantirish, logistika, zamonaviy gipermarket, issiqxona qurish, tibbiyot vositalari, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihalar amalga oshiriladi.

– Biz yaponiyalik hamkorlarimiz bilan tuman markazida viloyatda o‘xshashi bo‘lmagan besh qavatli gipermarket qurish loyihasini amalga oshiryapmiz, – deydi Toyloq tumanidagi "JAPAN TRADING GROUP Co" xususiy korxonasi rahbari Botir Qoraxo‘jayev. – Umumiy qiymati 8,3 milliard so‘m bo‘lgan loyiha Yaponiyaning mashhur "Donkey Hotte" brendining 1 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi orqali moliyalashtiriladi va joriy yil so‘nggigacha ishga tushirilib, 35 ta ish o‘rni yaratiladi. Tibbiyot qo‘lqoplari va shpritslar ishlab chiqarishga qaratilgan ikkinchi loyihamiz ham yaponiyalik hamkorlarimizning 2,5 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi asosida amalga oshirilmoqda. Mahalliy aholining 120 nafari ish bilan ta’minlanadigan ushbu korxonada yiliga 23 million dona tibbiyot qo‘lqopi va 17 million dona shprits ishlab chiqarilib, uning 35 foizi eksport qilinadi.

Viloyat hokimi E.Turdimov tijorat banklari tadbirkorning eng yaqin ko‘makchisiga aylanishi kerakligini va ayrim loyihalarni yanada mukammallashtirish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, tuman hokimlariga xorijiy sarmoyadorlar va tadbirkorlar loyihalarini amalga oshirishda muammoga duch kelishining oldini olish uchun yer, suv, elektr, kommunikatsiya masalalarida yetarli sharoit yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.

 O‘ktam XUDOYBERDIYEV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).