Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

12 yoshli farzandini 200 million so‘mga sotayotgan er-xotin qo‘lga olindi

Shovotlik Bekposhsha (ismlar o‘zgartirildi) arzimagan kelishmovchilik sabab turmush o‘rtog‘i bilan ajrashdi.

Temur ko‘p o‘tmay boshqa bir ayolga uylandi. Bekposhsha ham urganchlik Qobil degan yigit bilan ahdu paymon qilishdi. Shahardagi qurilish tashkilotlaridan birida ishlovchi Qobil Bekposhsha bilan sha’riy nikohdan o‘tib, uni ijarada yashayotgan uyiga olib keldi...

Oradan yillar o‘tib, ikki o‘g‘il dunyoga keldi. Ular ulg‘aygan sari oila tashvishlari ham ortib bordi. Qobilning topgani esa hatto oila kam-ko‘stiga ham yetmay qoldi. Bekposhsha shahardagi umumta’lim maktablaridan biriga farrosh bo‘lib ishga kirdi. Shunga qaramay, er-xotinning topgani kundalik ehtiyoji bilan ijara haqiga zo‘rg‘a yetardi.

Ana shunday kunlarning birida Bekposhsha bola asrab olish ilinjida yurgan Malika ismli ayol bilan tanishib qoldi va oq-qorani tanigan 12 yashar to‘ng‘ich o‘g‘lini unga sotmoqchi bo‘ldi. Qobil ham turmush o‘rtog‘ining bu taklifini ma’qulladi. Ota-ona o‘g‘li Sardor uchun 200 million so‘m so‘rashdi.

Malika barcha hujjatlarni qonuniy tartibda rasmiylashtirishni, qancha sarf-xarajat bo‘lsa, to‘lashini aytdi. Ammo ular Malikaning bu taklifiga rozi bo‘lishmadi. Farzandidan mol-dunyoni ustun qo‘yishdi.

Malika bu nafs bandalarining qilmishidan nafratlansa-da, o‘zini ularning shartiga ko‘ngandek ko‘rsatdi va shu kuniyoq huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.

O‘z farzandini sotishdek og‘ir jinoyatga qo‘l urgan er-xotin qilmishiga yarasha javobgarlikka tortildi, deyiladi "Postda.uz" nashri xabarida.