Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

15 mart – Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni

1983 yildan buyon ushbu sana butun dunyoda keng nishonlanadi.

AQSh sobiq prezidenti Jon Kennedi Kongressning 1962 yil 15 mart kuni o‘tkazilgan majlisida nutq so‘zlab, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilib chiqadi va ularning asosiy huquqlarini o‘z ichiga olgan deklaratsiyani imzolaydi. 1983 yildan buyon ushbu sana butun dunyoda Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni sifatida keng nishonlanadi.

Yuqoridagi hujjat iste’molchilarning mahsulot (xizmat) haqida ma’lumot olish, uning sifati (xavfsizligi)ga ishonch hosil qilish, mahsulot (xizmat)ni tanlash hamda unga o‘zgartirish kiritish kabi huquqlarga ega bo‘lishini ta’minladi. 1985 yil 9 aprelda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh assambleyasi tomonidan iste’molchilar huquqlari muhofazasining asosiy tamoyillari qabul qilingach, bu ro‘yxatga toza atrof-muhitga ega bo‘lish, zarar uchun tovon olish, asosiy ehtiyojlarini qondirish, iste’molchilarning huquqlari bo‘yicha ta’lim olish kabi huquqlar ham qo‘shildi. Mazkur rezolyusiya bilan iste’molchilarning huquqlari xalqaro miqyosda tan olinib, qonuniy kuchga ega bo‘ldi. Shu o‘rinda ushbu hujjat O‘zbekiston Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilinganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.

Respublikamizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan bo‘lib, Asosiy qonunimizning 53-moddasida iste’molchilar huquqlari ustunligi prinsipi o‘z ifodasini topgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) va iste’molchi manfaatlari bir-biriga zid kelganda ustunlik iste’molchi tomonida bo‘ladi. Boshqacha aytganda, iste’molchi har doim haq.

O‘zA.