Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

19 yanvar – Buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja BEHBUDIY tavallud topgan kun

Behbudiy va Qodiriy yoxud men Ra’noni nega sevaman?

(O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘ofurovga maktub)

Assalomu alaykum, Ibrohim aka!

“Oltin qoziq” deb nomlangan kitobingizda “Qodiriy. Siymo”(esse)ni o‘qib miyamdagi tugunlar yechilgandek bo‘ldi. Abdulla Qodiriy hayotini, uning asarlarini har kim har xil anglaydi, o‘qiydi, o‘zicha kashf etadi. Kamina ham ular qatorida. Ammo esse mutolaasidan keyin, Qodiriyni Ibrohim G‘ofurov bo‘lib o‘qigim keldi. Aytganingizdek, “Qodiriy ijodi haqida Umarali Normatov, Sobir Mirvaliyev, Naim Karimov, Begali Qosimov singari olimlar tadqiqotlari, O‘tkir Hoshimov, Xayriddin Sulton kabi adiblarning adibona tahlil va talqinlarini o‘qiganda ulug‘ yozuvchi mahoratining takrorlanmas qirralari haqida kutilmagan tasavvurlar hosil qilamiz, insoniy xususiyatlarining cho‘ng qatlamlariga  yanada chuqurroq kirib borganday bo‘lamiz”.

Shunday bo‘lsa-da, ko‘ngilto‘lmaslik alomati bo‘lmish “ammo”ni ishga solib, dilingizdagini to‘kib solishingiz, jumladan, “Biz yangi zamonlarning kishilari uchun Abdulla Qodiriy tarjimai holining juda ko‘p tomonlari, sahifalari noma’lum”ligidan ozor chekishingiz kitobxonga, xossatan, kaminaga-da, yuqdi. Ayniqsa, Qodiriyning otasi, bobosi, uning kitobga, adabiyotga mehrini, Turkiston tarixiga qiziqishini tarbiyalagan insonlarni bizga tanishtirishingiz, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori hazratlarining va boshqa ma’rifatparvarlarning unga ta’sirini, ularning Qodiriyga naqadar mehr ko‘rsatishganini, matbuotdagi faoliyatini,  adabiyot olamiga kirib kelishi, yozgan asarlari haqida o‘sha davrga sayohat qilib, chindan yashab, ular davrasida ko‘rganlaringizni tasvirlab berishingiz bizga-da, ko‘prik vazifasini o‘tadi.

Jadid bobolar, ayniqsa, betakror siymo Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va faoliyatidan biroz tanish muxlis sifatida Sizning tasvirlaringizga, tahlillaringizga, hurriyat, millat ravnaqi yo‘lida qayg‘urgan ziyolilarni o‘zaro mehrli bog‘lashlaringizga havas qildim.

Yozganlaringizni o‘qib, Qodiriy asarlari, alalxusus, ikki ulug‘ – “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari voqealari markazida uylanish tuguni haqidagi tahlilingizdan mutaassir bo‘lib, o‘zimcha kashf etganim – adib armoni haqidagi o‘yimni aytgim keldi.

Behbudiyning 1919 yilda shahid bo‘lganligi ma’lum bo‘lgach Turkistonning faol ziyoli yoshlari u haqida otashin xotiralar, ash’orlar bitib nolalar chekishgan. Bir qayg‘uli marsiyalarki, davr matbuoti qatlarida manguga muhrlangan.

Bu kun dunyoda bir mahshar qo‘pubdi,

Bu yer yuzini titratma tutubdi.

Ko‘k bo‘lsa, qop-qorong‘u chodini

Boshiga o‘ragan, yig‘lab yotibdir... (Vadud Mahmud)

***

Amalimning yulduzikim, ko‘z tikdi

Qora, jirkanch o‘lim koni yerlarga.

Savol berdim: “Yo‘qotganim qayda?” deb,

O‘zimni ham yutmoq bo‘lgan erlarga... (Cho‘lpon)

***

Sani mundin buyon Turon ko‘rolurmu, ko‘rolmasmu?!

Saning mislingni Turkiston topolurmu, topolmasmu?

...Vatan avlodi yod etdi, sani hurmat-la shod etdi,

Va lekin intiqomingni ololurmu, ololmasmu? (Sadriddin Ayniy)

Fitrat esa “Behbudiy sag‘anasini izladim”, deya faryod chekdi. Bundayin misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Lekin Fitratu Cho‘lpon, Hoji Muinu Ayniylar orasidan Abdulla Qodiriy bitgan bir parcha bo‘lsa-da, fiqrani matbuot sahifalaridan qidirib, topolmaganim rost... Axir Behbudiy yosh adiblarga yo‘nalish bo‘lsin deya “Oq yelpog‘ichli chinli xotun” hikoyasini yozgani, “Mushmirzo” obrazini (“Samarqand” gazetasida) yaratib hajvchilarga ibrat, “Mushtum” jurnali nomlanishiga “turtki” bergani chinku, “Padarkush” “ta’sirida “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborg‘onimni o‘zim ham payqamay qoldim” – Qodiriyning so‘zlariku... Shunday ekan uning Behbudiyni yod etmaganidan biroz og‘ringanim ham haqiqatim edi...

Ibrohim aka! Yozganlaringizdan keyin Kumushning o‘limini yig‘lab-yig‘lab o‘qiganlarim, to‘lg‘onib-to‘lg‘onib uxlolmaganlarim, boshqa yosh yuraklar kabi “yozuvchi nega uni o‘ldiradi” savoli iskanjasida chekkan iztiroblarim... So‘ng Anvar mirzoni (“Mehrobdan chayon”) tanib, Ra’noni undan pinhona rashk qilib, sevishganlar taqdiridan mamnun bo‘lib (mayliga yurtdan qochib ketsa ham), “yozuvchi Kumushni ham o‘ldirmasa bo‘lardiku” deya go‘daklarcha o‘ylaganlarim... hamma-hammasi chekindi. Siz kabi kamina ham kutilmaganda jadid bobolarning orasiga tushib qoldi. Voqealarni ketma-ket joylab ular bilan hamnafas yashab ko‘rdim, fikrlarim ulg‘aygandek, ko‘zlarim charaqlab ochilgandek bo‘ldi!.. Romandagi ramzlar, timsollar namoyon bo‘la boshladi...

Ustoz!  Qodiriyning Behbudiydan olgan payrovlari haqida yozasiz. Unga ergashgan jihatlarini ko‘rsatasiz. Demak, Qodiriy Cho‘lponu Fitrat kabi Behbudiyga bag‘ishlab marsiya bitmagan esa-da, “Mehrobdan chayon”dagi Anvar obrazida uni tasvirlagan, nazarimda. Boshqacha aytganda, yozuvchi roman qahramonini buyuk Behbudiyning protatipi asosida yaratadi. Asarning bosh g‘oyasi esa ozodlik bo‘lib qolaveradi.

Ramzlar... Roman so‘ngida Anvar Ra’noni olib yurtdan xufya chiqib ketishi – Behbudiyning ozodlikni avaylab bag‘riga bosib, tashqi dunyodan panoh so‘rashi edi. Negaki, Qodiriy Anvar – Behbudiyni yaxshi bilardi, tushunardi. Behbudiy ham Anvar kabi yoshligida mirzolik qilgani tasodif emasdir? Behbudiy umrining yakuni noma’lumligini Qodiriy Samarqandga borib aniqlashga harakat qilgan. Romanda ham yozuvchi o‘zi borib Anvar taqdirini surishtirgan va qahramon hayotining yakunini noaniq qoldirgan. Ra’no – hurriyatning taqdiri haqida esa hech gap yo‘q. Negaki, roman yozib tugatilgan davr (1928 yil)da hali Munavvar qori va uning safdoshlari qatag‘onga uchramagan, Turkistonda bolsheviklar “bosmachilik” deb nom qo‘ygan, aslida esa milliy ozodlik harakati davom etayotgan, boshqacha aytganda hurriyat taqdiri noma’lum fursat edi. Behbudiyning millat orzusini toptagan bolsheviklarga qarshiligi – Anvarning hukmdor adolatsizliklariga noroziligi, uning Ra’nosi – ozodligiga daxl qilishi...

Ra’no – qatag‘on yillariyu istiqlol davri adabiyotshunosligida ham turli bahslarga sabab bo‘layotgan go‘zal obrazdir. Shu o‘rinda universitetdosh do‘stim, filologiya fanlari doktori Bahodir Karimning “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur” deya nomlangan salmoqli tadqiqot kitobida keltirilgan Ra’no obrazi borasidagi bahsga qisqacha to‘xtalsak. Muallif boshqa bir tadqiqotchi X.Lutfiddinovaning kitobidan “Ra’no bir qaraganda zamin farzandidek, ukalariga qaraydi, uy yumushlarini bajaradi, otinlik qilib qizlarga saboq beradi. Go‘yo real hayotga bog‘langandek taassurot qoldiradi. Aslida esa u hayotda emas, ijodkor orzusida edi”, “Xonlik zamonida Ra’no tipidagi qiz-juvonlar bormidi yoki yo‘qmidi?” kabi ko‘plab iqtiboslar keltiradi. B.Karimov ularga javob tariqasida “Yuqoridagi ko‘chirmalarning ayrimlariga qo‘shilish mumkin, ammo ko‘pisida e’tirozga sabab bo‘ladigan, fikrlashadigan va bahslashadigan jihatlar yo‘q emas. Ba’zan risola muallifining Ra’no obrazini tasdiqlayotgani ham, rad qilayotgani ham, xayrixoh yoki xolis munosabati ham, umuman, ilmiy mezon sezilmay qoladi. Mujmal”, degan fikr aytadi.

Nega bu kabi bahslar tugamayotganini endi tushungandekman. Ra’no o‘z davri qizlariga o‘xshamagan, Qodiriy o‘ylab topgan bu ezgu obraz – ozodlik timsolidir. Shu ma’noda atoqli olim yozuvchimiz Oybekning fikrini yodga olsak masala ancha oydinlashadi:

“Abdulla Qodiriy tipik jadid edi... Asarlarining mavzulari, ideyalarigina emas, balki ularning formal tuzilishlari, badiiy xususiyatlari, darajalari ham jadid adabiyotining tipik namunalarini tashkil etadi”.

Jadidlar g‘oyasi nima edi? Ming marotaba aytildi, yana takrorlaymiz – OZODLIK edi!..

 Men seni sevaman, Ra’no!!!

Ibrohim aka, bu fikrlaring bahstalab deyishingiz mumkin... Holbuki, Siz yozgan esse va akademik olimimiz Naim Karimovning “Adib abadiyati” (“Ishonch” gazetasi, 2019 yil 28 sentyabr)dagi maqolasi xulosamga dalda bo‘ldi. Undan iqtibos:

“Qodiriy “Baxtsiz kuyov” dramasi bilan Behbudiyning, she’rlari bilan esa Fitrat, Cho‘lpon va Tavallolar safiga kelib qo‘shilgandek bo‘ldi. Lekin shu davrda  ro‘y bergan tarixiy voqealar – Chor Rossiyasi zulmiga qarshi ko‘tarilgan 1916 yil qo‘zg‘oloni, 1917 yil Fevral inqilobi, Turkiston Muxtoriyat hukumatining barpo etilishi va bolsheviklar tomonidan tor-mor qilinib, Qo‘qon shahrining qonga botirilishi, 1917 yildan keyingi taloto‘plar uni o‘zbek xalqining tarixiy taqdiri to‘g‘risida o‘ylashga majbur etdi”.

Bu so‘zlar izohga hojat sezmaydi... Biroq “Mehrobdan chayon”da ko‘ringan ramzu timsollarni “O‘tgan kunlar”dan ham qidirgim keldi va ajab manzaraga duch kelgandek bo‘ldim. Behbudiy yozgan “Padarkush” asari o‘qimagan bolaning otasini o‘ldirishi haqidagina emas, balki mol-dunyo, hokimiyat vasvasasida qatl etilgan Mirzo Ulug‘bek bilan bog‘liq otakushlik fojiasidan boshlangan Turkiston tanazzuli xususidagi tragediya ekanligini Qodiriy yaxshi bilardi.

“O‘tkan kunlar” yozilgan davr 1919-1920 yil deyiladi manbalarda. Turkiston muxtoriyati 1918 yilda qonga botirilganidan millatning barcha ziyolilari qatori Qodiriy ham iztirobda qoladi. Romanda Kumushbibining o‘limi bu faqatgina muhabbatning emas, balki Qodiriy ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan Turkiston muxtoriyatining ayanchli halokati, telbaga aylangan Zaynabning ahvoli esa mustamlakada qolgan avomning holi edi. Shuning uchun asarni o‘qigan ziyoli, avvalo, Kumushbibi o‘limidan qattiq qayg‘uga botadi. Hatto, adibning o‘zi ham bu sahnani yig‘lab-yig‘lab yozganini yashirmaydi. Qattol zamonda yashab, bolsheviklarning asl maqsadini anglab yetgan Abdulla Qodiriydek buyuk shaxs o‘zi yaratgan birgina obraz taqdiri uchungina yig‘lashini... boshqacha tushunishni istadim. Negaki, Kumush o‘limga mahkum edi – suyukli Turkiston muxtoriyati shahid bo‘lgan edi... Qilmishini anglolmay qabristonda tentiragan telbanamo Zaynabga “battar bo‘l”, deya uning taqdiriga befarq qarolmaysiz – zalolatga botgan avom-da, axir...

Bir paytlar “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari fonida zerikib o‘qiganim – “Obid ketmon”ni shu kunlarda qaytadan mutolaa qilishim shartligini anglab turibman. Hoynahoy, muxtoriyat bostirilgach, bolsheviklar davrida bir muchal yili yashab, maslagidan qaytmagan Munavvarqori Abdurashidxonov asosiy qahramon bo‘lib chiqsa hayratlanmayman. Jadid bobolar hayotini qadamba-qadam o‘rgangan yana bir jonkuyar ustoz olim Sirojiddin Ahmadning “Obid ketmon” asari xususidagi yangicha qarashlari aks etgan “Mag‘lubiyatga teng g‘alaba” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2019 yil 27 dekabr) maqolasi bunga ishora berib turibdi...

Ibrohim aka, bugun Abdulla Qodiriy siymosiga davlat va uning birinchi rahbari darajasida berilayotgan haqiqiy bahodan, bobolarga munosib e’tibordan suyunib turibmiz.

Maktubdan murod yuqoridagi o‘ylarimni tasdiqlatish emas. Maqsad shuki, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonovga Chor Rossiyasi “Oxranka”si tomonidan bosilgan, sho‘ro “NKVD”si va uning davomchisi (“KGB”) qo‘llagan “panislomist”, “panturkist”, “anglizparast” tamg‘alari shu kunlargacha olib tashlanmaganini yana bir bor ta’kidlashdir. Aks holda istiqlol davrida Fitratu Cho‘lponlardan avval ularning ustozlari – shaxsiy mol-mulklarini tikib, maktab qurib, darslik yozib, jadid adabiyotini yaratib, gazeta-jurnal chiqarib, ozodlik uchun kurashadigan yoshlarni, jumladan Qodiriylarni tarbiyalashda jonlarini qurbon qilishdan ham cho‘chimagan Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvar qori Abdurashidxonov taqdirlangan bo‘lmasmidi?..

Yanvar oyida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi... Dunyoda Ikkinchi jahon urushining maxfiy arxivlari davlat rahbarlari tomonidan ochiqlanayotgan fursatda bu ikki bobomiz va ularning safdoshlari haqidagi o‘ta maxfiy  ma’lumotlar ochilishi, aytilishi va munosib baholanishi asl haqiqatga bo‘lgan hurmat nishonasi bo‘lardi...

Ehtirom bilan, talabangiz Halim SAYID.

 «Ishonch» gazetasining 2020 yil 4 yanvar (4) sonidan olindi.