Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

2021 yilda Samarqandda ikkita yirik suv ombori foydalanishga topshiriladi

Ayni paytda Samarqand viloyat matbuot uyida "Zarafshon" irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rajabov ishtirokida viloyatda 2021-2023 yillarda irrigatsiya-melioratsiya ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya qilish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish holatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilmoqda.

Unda dastlab F.Rajabov kelgusi yildan tarmoqda amalga oshiriladigan loyihalarga to‘xtaldi.

- Viloyatdagi suv iste’molchilarini kafolatli suv bilan ta’minlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari, ulardagi inshootlarni doimiy soz holatda saqlash maqsadida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 2021-2023 yillarda bir qator irrigatsiya-melioratsiya ob’yektlari quriladi, - dedi u. - Jumladan, 2021 yilda suv yig‘ish hajmi 100 million metr kub bo‘lgan “Bulung‘ur” suv ombori va “Oqchobsoy” suv omborining 2-bosqich qurilish ishlari yakunlanadi. Nurobod tumanidagi suv yig‘ish hajmi 700 ming metr kub bo‘lgan “Anjirli” suv ombori qurilishi boshlanadi.

"Bulung‘ur" suv ombori qurilishi natijasida 21,8 ming gektar, "Oqchobsoy" suv omborining ikkinchi bosqich qurilishi natijasida 855 gektar yer maydonining suv ta’minoti yaxshilanadi. "Anjirli" suv ombori qurilgach, 730 gektar yangi yer maydonlari o‘zlashtiriladi.