Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

31 marta ilon chaqqan morbozdan matonat va muhabbat darslari

Nurobod tumanining Jom qishlog‘ida yashovchi Alisher morboz hayvonot bog‘i ochibdi, degan xabarni eshitiboq, yo‘lga tushdik.

Samarqand–Qarshi katta yo‘lining chetida joylashgan to‘rt tomoni qirlarga tutashgan joyda mo‘’jizaday porlab turgan go‘sha o‘tgan-ketganni o‘ziga qaratadi. Mahalliy haykaltarosh ishlagan turli haykallar – bo‘ri, turnalar, qushlar, suv farishtasi o‘ziga xos chiroyli, ko‘ngilga yaqin. Yaxshi-da, yurtingda qo‘ligul, ko‘ngli gul shunday ijodkorlar borligi. O‘sha mahalliy haykaltaroshni boshqa ko‘ngilochar go‘shalarga taklif qilib, foydalansa, arziydi. Bu gapni uning ishlari aytib turibdi. Alisher Yormatov o‘zi yaratgan go‘shaga uni taklif qilib savob ish qilibdi.

Bolalar va kattalar yayrab, hordiq chiqaradigan maydonda, dam olish uchun o‘rindiqlar. Eng muhimi, manzarali, doimo yashil daraxtlar va noyob gullar, favvora (ichida suv parisi ham bor) yonidan o‘tib, qafaslar yoniga yaqinlashamiz.

Boshlanishdagi qafasda sizni bo‘ri kutib oladi. Shu yerda bo‘rilar haqidagi ertaklar, afsonalar yodga tushadi.

- Bo‘rining yonidagi itmi?, - taajjublanamiz...

- Ha, tavakkal qilib, kichkina kuchukchani yoniga kiritgan edik. Ikkovi do‘stlashib ketdi, - deydi Alisher. Kuchukchaga rahmi keldi shekilli... Mana ikki yil o‘tdi, birga yashayapti.

“Sahrodagi jannat” nomli kitobimda aks ettirilgan voqea esimga tushdi.

“Rixsixon opa ko‘p yillar tibbiyot hamshirasi bo‘lib ishlagan, dunyoqarashi keng, istarasi issiq, mehnatkash, fidoyi ayol ekan. Taqdirning sirli yo‘llari va uzun qo‘llari muhabbatni sabab qilib, Rixsixonni Toshkentning Ugom daryosi bo‘yidan, jannat monand Xumson qo‘ynidan olib, Navoiy viloyati, Nurota tumanidagi «Qizilcha» xo‘jaligiga keltirib tashladi. To‘rt tomonda qumlar yonib yotibdi.

Yosh kelinchak turmush o‘rtog‘i Muftilloning ota-onasi, opa-singillari qalbidan mehr topdi. Qaynonasi rahmatli yolg‘iz o‘g‘limni avvalo Yaratgandan, qolaversa, bo‘ridan tilab olganman, derdi.

 - Oyijon, bo‘ridan qanday tilab olgansiz? - deb so‘rardi, kelinchak. Salomat momo toshkentlik kelinining uzun sochlarini o‘rar ekan, hikoyasini boshlardi:

- Huvv bir necha qirning naryog‘ida dadangiz (qaynotangiz) sovxozning qo‘ylarini boqardi. Har kungidek, tushlikka qo‘y go‘shtidan qovurdim, ustiga nonni bostirib, tugunga tuydim. Oftob tikkaga kelgan, dadang ham ochqab o‘tirgandir, deb yo‘lga tushayotsam, Muftillojonim etagimga yopishdi, menam boraman, deb. Issiq desam tushunmasa, charchaymiz desam tushunmasa. Yolg‘iz o‘g‘limning gapini sira ikki qilmaganmiz. Nachora, ona-bola ikkovimiz yo‘lga tushdik. Oftob urmasin, deb boshiga do‘ppisini, egniga to‘nchasini kiydirib oldim. O‘zim ham qasavamni, kamzulimni kiyib, oq surp ro‘molimni o‘rab oldim. Suruvni izlab yo‘lga tushdik.

Bir qo‘limda tugun, bir qo‘limda bola, gohi charchasam yetaklagan bo‘laman. Yana bolajonim charchaguncha, mening qo‘llarim og‘risin deyman-da, opichib olaman. Muftillojonimning oyoqchalarini qumlardan ham qizg‘anaman.

Bir payt, bizga qarab ro‘paramizdan kelayotgan itga ko‘zim tushdi. Hah, jonivorgina, itimiz izlab kelibdi-da, deb mehrim tovlanib qarasam, itdan katta, bizga yovqarash qilib turibdi.

Voy o‘lmasam, katta bo‘ri! Bo‘rini ko‘rganman, o‘ligini ko‘rganman. Boboyim otarga oralagan bo‘rini ko‘plashib, itlar bilan, cho‘pon-cho‘liqlar bilan qo‘lga tushirib, otib olgan edi. Battol bo‘ri qancha qo‘ylarning boshiga yetgan edi. Bittasini yegin, ikkitasini yegin, o‘ntasini ham yorib tashlaydimi? Shundan keyin biznikilar ham shafqat qilishmaydi-da! Voy o‘lay, bu bo‘ri ham o‘shanga o‘xshaydi, urug‘imikin, bolasimikin, o‘ldim endi. Qochib qayoqqa borardim, bir hatlashda yetadi. Oyog‘imda majol ham yo‘q…

Qaynoq qumning ustiga o‘tirdim. Baqiray desam, ovozim ham chiqmaydi. Meni yesa go‘rlarga edi. Bolamni nega olib chiqdim-a? Yuz yil tilab, ko‘zlarim ko‘karib yetgan bolamni nega yetaklab chiqdim?! Ena bo‘lmay o‘layin, o‘z qo‘llarim bilan ajalga topshiramanmi? Qaynonam rahmatli bilib aytarkanlar-da, xotin suysang, to‘shakda suy, bola suysang, beshikda suy, deb. Birgina do‘g‘lab, opalariga tashlab kelsam, bolam tirik qolardi-ku. Shunday esi past ena bo‘lamanmi? Bu bo‘ri och qolgan, och bo‘lmasa ovul oralamaydi. Och bachchag‘ardan qoch, bachchag‘ar, derdi enam rahmatli.

Bo‘ri ro‘paramga o‘tirib oldi. Muftilloginamni ortimga yashirib, kamzulimni etagiga o‘rab oldim, go‘yo bo‘ri ko‘rmay digandek. Qo‘rqqanimni sezib, bolam ham dag‘-dag‘ titraydi. O‘zim qaltirab, unga qo‘rqma, deyman, gapim yolg‘onligini shu uch yashar bola ham sezib turibdi. Ey, xudo, bolamga rahm qil, shu bo‘riginani oldimdan olib ket, deb iltijo qilaman. So‘ng bo‘riga yalinishga tushdim:

 - Jon bo‘rijon, opammisiz, akammisiz, bilmayman? Otangizni erim otgan bo‘lsa, bolamda nima gunoh? Och bo‘lsangiz, mana, nonni yeng, ovqatni yeng. To‘ymasangiz meni yeng! Faqat bolamga indamang. U katta bo‘lsa, bolangizni otmaydi.

Dasturxonni ochib, ovqatni o‘zimdan nariga surib qo‘ydim, yeyishga qiynalmasin deb, nonni bo‘lakladim. Bo‘ri hidi dimoqni qitiqlab turgan ovqatga qayrilib ham qaramadi. Ko‘ziga qarab, yig‘layverdim:

- Jon bo‘rijon aka, meni yeng, yeyqoling, faqat bolamga indamang. Aylanay, bo‘rijon opa, yemasangiz qarindosh bo‘laylik, yesangiz, meni yeng, bolamga indamang!

Qumlarga boshimni qo‘yib yolvordim, bolamni etagimga o‘rab yalindim. O‘zimni bo‘riga yedirishga rozi bo‘lib, bolamning jonini so‘rab, tilandim. Bo‘rining ko‘zlaridan g‘azab ketdi. Bir pas ko‘zimga qarab turdi-da, ovqatga ham, menga ham, bolamga ham qaramay, ortiga o‘girilib yo‘lga tushdi. Ey, xudojonim, bo‘rida ham shafqat bor ekan! Ko‘ngliga rahm solganing uchun, o‘zingga shukur, Allohim!

 Shundan so‘ng, erim ham ovuldoshlarim ham bo‘riga o‘q otmay qo‘ydi. Siz ham ovozini eshitsangiz qo‘rqmang, bolam, bo‘ri eringizni qarindoshi bo‘ladi”.

Men shu haqda aytib bersam:

- Bunday voqealar ko‘p bo‘lgan, bo‘rilar inson qalbini insondan yaxshiroq tushunadi, - dedi Alisher.

Bo‘rini uzoq tomosha qilamiz. Uyam bizga biroz tikilib, nariga ketdi. O‘rtadagi temir panjaralar eng yaxshi himoyachi ekanini sezib turibmiz. Biz odimlashda davom etamiz. Chiyabo‘ri, jayralar, dengiz cho‘chqalari, olmaxon, kakliklar, bedanalar, ukki, turli kanoreykalar, burgutlar, lochinlar, jo‘rchi qush, echkiemar kabi 30 dan ortiq parrandayu darrandalarni uchratamiz. Qanotlarini kerib, sollanib tovuslar o‘tadi u yoqdan bu yoqqa.

Mana bu ilonlar saqlanadigan qafas. Alisher morbozning eng sevimli burchagi. Bu yerdagi ilonlar bir necha xil. Asosiy qismi uyda. Yuzdan oshiq, bir-biridan dahshatli ilonlar, eng zaharlilari bor.

Alisher Yormatov qishloq xo‘jalik institutini tamomlagan, u haqida filmlar yaratilgan, kitoblar yozilgan. Uning ilonlarga munosabati, kashfiyotlari alohida mavzu. Xorijliklar ilon zahri bilan davolashni hamkorlikda olib boraylik, keling, deganlarida ham rozi bo‘lmadi. O‘zimning vatanimda, yurtdoshlarimga yordam beraman, dedi.

Ammo hozir gap Alisher morbozning tabiatga, hayvonot dunyosiga mehri, mana shu mehrni yoshlar qalbiga singdirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari haqida.

Qishloqda yashovchi yoshlarimizning hammasi ham katta shaharlarga borib, hayvonot bog‘larini tomosha qilish imkoniga ega emas. Ba’zilari tog‘li joylarda yashasa ham, yonlarida yashayotgan hayvonot olami haqida yetarli bilimga ega emas. Shu sabab yoshlarimizga bilganlarimni bildirgim, tabiatga mehr uyg‘otgim keldi.

Suv kelmagan dashtlar orasida hayvonot bog‘i, bolalar o‘yingohi yaratguncha, 70 sotix yerni bog‘u rog‘ga aylantirguncha 2 milliard so‘mdan ortiq pul sarflandi. Uning g‘oyalarini tadbirkor ukalari Sobirjon va Baxtiyor Yormatovlar, professor opasi, qishloq xo‘jalik fanlari doktori Dilorom Yormatova qo‘llab-quvvatlab turdi. Moddiy va ma’naviy yordamlarini ayashmadi.

Dashtu qirlar orasidagi jannatga tashrif buyurganlar bir dunyo lazzat, bilim olishlari turgan gap. Bolalar maza qilib o‘ynashlari uchun bog‘, o‘yinchoqlar mavjud. Yaqinda hayvonot dunyosi haqida filmlar namoyish qilinadigan zal ham tayyor bo‘ladi.

- Agar bolalar, yoshlar bog‘imizga tashrif buyurishsa, ularga jonim bilan hayvonot dunyosi haqida qiziqarli dars o‘tib beraman. Ular bu yerdan ketar chog‘ida tabiatning ayrilmas bo‘lagi bo‘lgan, biz bilan bir zaminda yashayotgan hayvonlar bilan do‘stlashib ketadilar, - deydi morboz.

- Yon atrofda yana qurilishlar boshlanyapti, shekilli?

- Ha, xalq tabobati va meditsina yo‘nalishida shifoxona ochmoqchiman.  Bemorlarni tabiiy shifo vositalari va ilon zahri bilan davolashni yo‘lga qo‘yamiz, nasib bo‘lsa. Turkiyalik mashhur doktor Huseyn bey Jomga kelib, men boshlagan ishlarni ko‘rib ketdi. Yuring, shu ishlarni Turkiyada qilaylik, dedi. Istasangiz keling, Jomda birga ishlaymiz, dedim. U hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi.

Alisher Yormatov juda ko‘p mamlakatlarda safarda bo‘lgan. Safarlarida eng avvalo morbozlarning ishi bilan qiziqadi. Ular Alisherning ilonlar bilan til topishib ketganidan hayratga tushadi. Shu paytgacha morbozni 26 marta kobra, 5 marta godyuk chaqqan. Har gal o‘limdan qolgan. Ilon chaqqan barmoqlarni shafqatsiz ravishda kesib tashlash, shifokorlarga hushini yo‘qotguncha, yo‘llanma berib turish, hamma o‘ldi, deb turgan chog‘da qayta tirilish jarayonining o‘zi bir doston. Jasorat va mardlik dostoni. Maktab o‘quvchilari, kollej va litsey, oliy o‘quv yurti talabalari kelib, saboq olib ketsa, matonat va hayvonot olamiga muhabbat darslarini o‘rganib ketsa arziydi. O‘ttiz bir marta o‘limdan qolgan morbozning hayoti, amalga oshirayotgan ishlari bunga misol.

Mustaqil Vatan yo‘lida jon tikishning usullari ko‘p. Birov qo‘liga qurol olib, birov tafakkuriga ilm solib, birov dilida muhabbat tuyib, yurtining saodati uchun kurashadi. Alisher morboz hech kim bas kelolmaydigan ilonlar bilan til topib, ularga mehr berib, amriga bo‘ysundirib, zahardan noyob dorilar  olib kurashadi. Kobra yoki godyuk bir marta chaqsa o‘ldiradi. Ammo Alisher 31 marta ilon chaqqanida ham o‘lmadi. Shu yurtiga, odamlariga muhabbati tufayli qayta- qayta tirilaverdi. Qancha bemorlarni hayotga qaytardi, bog‘lar yaratdi, tap-taqir joyga jannatning parchasini ko‘chirib keldi.

Har safar o‘limning og‘zidan qaytar,

Har safar yo‘limdan qaytmam deb aytar.

Xatar vodiysiga borarkan tikka,

Jonin olsalar ham tushmaydi cho‘kka.

Kelinglar, azizlar, Jomda matonat va muhabbat saboqlari o‘tiladigan darsni tinglang. Muallim - Alisher morboz Yormatov!

Xosiyat Bobomurodova,

shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.