Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

5 yillik stajga ega xodimlar test sinovlarisiz talabalikka qabul qilinishi mumkin

Bunda talablar qanday?

Prezidentimizning 2019-2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan, oliy ta’lim muassasalariga yangi o‘quv yilidan boshlab vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining (ish beruvchilar) ehtiyojlaridan kelib chiqib, kunduzgi ta’lim shaklining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos bo‘lgan yo‘nalishlar doirasida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qitishni tashkil etish huquqi berildi, deb yozmoqda O‘zA.

Bunda o‘qishga qabul qilish tegishli ish beruvchilarning tavsiyasi asosida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar hisobidan, keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berish sharti bilan, ish faoliyatiga mos bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat natijalariga asosan amalga oshiriladi.

Hujjatga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori oliy ta’lim muassasasining salohiyati va hududiy joylashuvi, shuningdek, abituriyentlarning oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatining Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda oliy ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil belgilanadi.

Bunda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kirish sinovlari natijasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi parametrlari doirasida o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlarning arizalariga muvofiq ularning to‘plagan ballari qat’iy ketma-ketligiga rioya etgan holda amalga oshiriladi.