Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

6 ming AQSh dollari evaziga fuqaroni ishga joylashtirmoqchi bo‘lgan “ishbilarmon” qo‘lga olindi

1979 yil Navoiy viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumot o‘rta, muqaddam sudlangan, hozirgi kunda Xatirchi tumani Navbahor mahallasida istiqomat qiluvchi K.L. tanishi – 1992 yil Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta-maxsus, oilali – 1 nafar farzandi bor, hozirgi kunda Kattaqo‘rg‘on tumani Alisher Navoiy mahallasida yashovchi N.U.ning vaqtincha ishsizligidan foydalanib, uning ishonchiga kirgan holda tuman IIBga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da berib, xizmatlari evaziga 6000 AQSh dollarini pora tariqasida qo‘lga kiritadi.

N.U.ning ishga joylashishi sarobga aylangan orzu bo‘lib qoldi. Vaqt o‘tsa-da, na ishdan, na pul qaytishidan darak bo‘lmagach, u Navoiy shahar IIBga ariza orqali murojaat qildi.

Navoiy viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan K.L. nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Afsuski, jamiyatimizda o‘z nafsi qurboniga aylangan qatlam vakillari ham borki, ular firibgarlik ortidan nomaqbul xatti-harakatlar sodir etib, jiddiy qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yadilar. Adolat mezonlari qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qoidabuzarlarga jazo muqarrar.