Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

7 mingdan ortiq oiladagi notinchliklar bartaraf etilgan

Xotin-qizlar qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda olib borilgan profilaktik tadbirlar doirasida 7 ming 837 tadan ortiq oiladagi notinchliklar bartaraf etgan.

Bu haqda 11 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Oiladagi zo‘ravonlik masalalari, turli vaziyatlar tahlili va bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi brifingda aytib o‘tildi.

2019 yilda og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarning 13 ming 44 nafarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqilgan. Ushbu dastur doirasida 6 ming 689 nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi va dastur 51,3 foizga bajarildi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan 269 nafar xotin-qizlarning 168 nafari ishga joylashtirildi.

Xotin-qizlar o‘rtasida salbiy holatlarni bartaraf etish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar joriy yilning 6 oyi davomida 2018 yilning shu davriga nisbatan 31,5 foizga (871 taga) kamaydi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari tomonidan 493 marotaba sud jarayonlarida ishtirok etildi va 108 nafar xotin-qizlar qo‘mita vakillarining kafillik asosida jazodan ozod etildi.