Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aholi eski simyog‘ochlardan aziyat chekmoqda elektr tarmoqlari korxonasi esa murojaatga beparvo

Tahririyatimizga Jomboy tumani Nogahon mahallasi, Dovchar qishlog‘ida yashovchi fuqarolardan shikoyat arizasi keldi. Unda jumladan shunday deyiladi: 

- “200 xo‘jalikda mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan qishlog‘imizga 1953-1964 yillarda elektr simyog‘ochlar o‘rnatilgan. Foydalanish muddati o‘tib ketgan bo‘lsa-da, simyog‘ochlar haligacha yangisiga almashtirilmagan. Aksariyat aholi majburlikdan o‘z uyiga qo‘lbola simyog‘och bilan elektr tarmog‘i tortgan. Oqibatda, namgarchilik va sovuq kunlarda elektr simlar bir-biriga tegib, qisqa tutashuvlar yuzaga kelmoqda. Bu esa xonadonlardagi elektr jihozlarini ishdan chiqarmoqda. Eng yomoni, qo‘lbola simyog‘ochlar chirib, tez-tez simlar uzilib, aholi hayotiga xavf solmoqda. 

“O‘zenergoinspeksiya”ning viloyat hududiy bo‘limiga qilgan murojaatimizda viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi Prezidentimizning 2016 yil 23 noyabrdagi qarori doirasida 2017 yil uchun tasdiqlangan dasturga qo‘shimcha ravishda qish­log‘imizga TP-9662ga qo‘shimcha KTPs-100/10 kV TP o‘rnatish va 0,4 kV elektr uzatish tarmog‘i rekonstruksiya qilinishi belgilanganini ma’lum qildi. Amalda KTPs-100/10 kV rusumli TP o‘rnatilgan, qolgan ishlar bajarilmay qolgan. O‘rnatilgan KTPs-100/10 kV rusumli TP ni ekspluatatsiya qilishga “O‘zenergoinspeksiya”ning viloyat hududiy bo‘limidan xulosa olmasdan va xizmat farmoyishi chiqarilmasdan 10 kV “G‘o‘bdin” fideriga ulab ishga tushirilgan.   

Biz bu haqda Jomboy tumani elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Sh.Hatamovga, viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rahbari G‘.Mamatqulovga bir necha bor murojaat qildik. Ammo biror natija bo‘lmadi”.        

Masalaga oydinlik kiritish uchun Jomboy tumani elektr tarmoqlari korxonasi bosh muhandisi Q.Ergashev bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritishni so‘radik. Ariza nusxasini 2020 yil 24 dekabrda telegram orqali yubordik. Ammo oradan 20 kundan ortiq vaqt o‘tdi hamki, murojaatimizga javob yo‘q.  

Jomboy tumani elektr tarmoqlari korxonasi mas’ullari fuqarolarning qiynalayotganiga shu qadar beparvomi yoki murojaatlarning barchasi shu zaylda e’tiborsiz qoldiriladimi? 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.