Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aliment puli to‘lashdan qochib yurgan otaga qidiruv e’lon qilindi va 53 million so‘m zarar undirildi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sud hujjatiga asosan qarzdor Sh.N.dan undiruvchi F.S.ning foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Bu haqda Zarnews.uz saytiga Majburiy ijro byurosi Paxtachi tuman bo‘limi xabar bermoqda.

Majburiy ijro byurosi Paxtachi tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilib, qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qarzdor Sh.N. Navoiy viloyatining Uchquduq shahridan ushlanib, unga nisbatan to‘plangan hujjatlar Paxtachi tuman ma’muriy sudiga topshirildi.

Sudning qaroriga asosan qarzdor Sh.N. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 474-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining qarori bilan qarzdor Sh.N.dan undiruvchi F.S.ning foydasiga aliment pulini to‘lamasdan kelganligi natijasida 53 million so‘m miqdorda yetkazilgan zarar undirish belgilangan.

Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor Sh.N.dan undiruvchi F.S.ga 53 million so‘m yetkazilgan zarar pullari undirib berildi.