Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Amerikada qolib ketmoqchi emasman!

Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!

Universitetda bizdan uch kurs keyin o‘qigan Shuhrat bilan bir tumandan bo‘lganimiz uchun aka-ukadek bo‘lib qolganmiz. Talabalik vaqtida ham, undan keyin ham tez-tez ko‘rishib, suhbatlashib turardik. Ko‘nglini ochib gapirardi.

Otasi erta vafot etgani uchun onasi, aka-opalari tarbiyasini olib katta bo‘lgan, ularning qo‘llab-quvvatlashi va yordami bilan oliy o‘quv yurtida kontrakt asosida o‘qidi. Biroz yupun kiyinsa ham, ko‘p hollarda tushlik qilmasa ham darslarga o‘z vaqtida kelishga, fanlarni yaxshi o‘zlashtiriga harakat qilardi.

Ba’zida ayrim o‘qituvchilarning baho qo‘yish uchun ta’ma qilganini aytib, jahli chiqar, “men domla bo‘lsam, talabalardan bir so‘m ham pul olmayman, faqat ularni o‘qishga da’vat qilaman” derdi. Ana shu haqiqatparvarligi, to‘g‘riso‘zligi ayrim o‘qituvchilarga yoqmas, ular bilan ham tez-tez tortishib qolardi. Balki shuning uchundir yoki omadi chopmadimi, magistraturada o‘qish niyati ushalmay qoldi.

Keyin shaharda ijarada yashab, kollejlarning birida o‘qituvchilik qildi. Uylanganidan so‘ng bu yurishi ham ko‘plik qildi. Noiloj qishlog‘iga qaytib, maktabga ishga kirdi. Shu bilan Shuhratning “universitetda domla bo‘lish” orzusi orzuligacha qoldi. Oila, uy-ro‘zg‘or tashvishlari bilan bo‘lib shaharga kam keladigan bo‘ldi.

Yetti-sakkiz yil oldin bir kuni xursand bo‘lib qo‘ng‘iroq qildi:

– Aka, tabriklang! “Gren kart” o‘ynagandim, yutibman. Amerikaga ketaman...

Keyin Amerikaga ketishi oldidan yana ko‘rishdik. U juda xursand edi. Xotini, ikki yashar o‘g‘ilchasi ham Shuhrat bilan birga ketayotgandi.

– Onam biroz xafa bo‘ldilaru, lekin nima qilay aka, bu yerda ozgina oylik bilan na ro‘zg‘orni uddalayman, na uy-joy qura olaman, – degandi u. – Akam o‘zi o‘qimasa ham onamning yoniga kirib ishlab meni va singillarimni o‘qitdi. Meni uylantirdi, singillarimni uzatdi. Endi unga otamning uyidan chiqib keting, deb aytolmaymanku. Onam ham akamning oilasiga o‘rganib qolgan, birga yashashadi. Bu yerda yursam, uy-joy qilishimga ko‘zim yetmaydi. Amerikaga borib joylashib olay, iloji bo‘lsa, o‘sha yerlarda qolib ketaman. Yashash uchun qayer qulay bo‘lsa, o‘sha yer Vatan-da...

O‘shanda Shuhratning gaplaridan hayron bo‘lib, uning bu qadar o‘zgarib ketgani, yosh bo‘lsa-da hayot tashvishlari kichik jussasini egib qo‘yganiga ishongim kelmagandi.

U shu ketganicha olti yil uyiga kelmadi. O‘sha yerda muqim ishga joylashib oldi, uy-joy qildi, mashina oldi, xullas yaxshi hayot kechirish uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasiga erishdi. Akasiga yordam berdi, lekin o‘zi qishloqda uy-joy qilishni yoki shaharda kvartira sotib olishni o‘ylamadi.

Ba’zida suhbatlashib qolganimizda, “rostdan ham Amerikada qolasan, shekkilli, bu yerda uy-joy qilishni o‘ylamayapsan” desam u kulib “Ikkita bolam Amerikada tug‘ilgan, shu amerikanetslarning otasi deb meni ham chiqarib yuborishmas, shu yerda yashab turaylik-chi” derdi va gap o‘zanini boshqa tomonga burishga harakat qilardi.

O‘tgan yil onasining ahvoli og‘irlashgach, Shuhratni chaqirishdi. Har tugul onasidan rozi-rizolik so‘rashga, uning vasiyatini eshitishga ulgurdi. Ma’raka-marosimlar, qarindosh-urug‘ bilan ko‘rishib bir oy qirq kunlar shu yerda qoldi. Keyin yana oilasi bilan okean ortiga jo‘nab ketdi.

Ketishi oldidan ko‘rishganimizda “Mana bolalaring ham katta bo‘lyapti, ozmi-ko‘pmi mablag‘ to‘plagandirsan, endi qishloqda uy-joy qilib qo‘ysang bo‘larmidi, baribir bir kun kelasan shu yerga” dedim. U esa yerdan ko‘zini uzmay “Bilmadim, aka, bilmadim. Aka-opalarim ham shunday deyishyapti. Lekin bolalarim o‘sha yerga o‘rganib qolishgan” degandi.

Shundan keyin u bilan bir necha oy gaplashmadik. Bir-ikki marta internetda yozishgan bo‘lsak-da suhbatimiz shunchaki salom-alik, hol-ahvol so‘rashish bilan cheklandi.

Yaqinda elektron pochtamga Shuhratdan xat keldi. Unda shunday yozilgan edi:

“Aka, anchadan buyon ko‘nglimda tug‘ilgan bu gaplarni sizga ayta olmadim. Nafaqat sizga, boshqalarga ham aytishga o‘zimda kuch topolmadim. Shuning uchun yozishga qaror qildim.

Aslida, bu gaplar o‘tgan yil qishloqqa borganimda dilimda tug‘ila boshlagan, ammo negadir buni tan olgim kelmas, shuning uchun hech kimga aytmagandim.

Onam rahmatli bilan so‘nggi suhbatimizda u kishi “bolam, o‘sha yurtlarda qolib ketmagin, tag‘in. Sening ildizing shu yerda, men, otang, aka-opalaring, singillaring shu yerda, inson o‘z ildizidan uzilib ketolmaydi” degan edilar.

Bu gaplarni onajonim ikkinchi o‘g‘lim tug‘ilganda Amerikaga kelganlarida ham aytgan edilar. Menga va xotinimga qarab “bu bola Amerikada tug‘ildi, endi shu yerning odami bo‘lib o‘sadi, deb o‘ylamanglar. Azizbegimning  tomirida senlarning, ota-bobolarining qoni oqmoqda, u o‘zbek, baribir ajdodlariga tortadi” degandilar. O‘shanda bu gaplarga unchalik e’tibor qilmagan bo‘lsam-da onajonim bilan vidolashayotganimda aytgan so‘zlari hamon quloqlarim ostida jaranglab turadi.

Tag‘in o‘sha kunlarning birida katta o‘g‘lim aytgan gap haligacha ich-etimni yeydi. Bir oylar qishloqda qolib ketganimizdani keyin bir kuni kechqurun o‘g‘lim “Dada, bu yerda zerikib ketdim. Qachon uyimizga ketamiz? Tezroq ketaylik” dedi.

Kindik qoni shu uyda to‘kilgan, shu yerda dunyoga kelgan o‘g‘lim o‘z uyini begona deb bilib, o‘zga yurtni uyim deyapti. Mening uyimda o‘zini begona his qilyapti.

Ana shu gaplar jon tomirimdan o‘tib ketdi. Hozirku bular yosh, hayotni anglamasligi mumkin. Lekin shu dunyoqarash bilan ulg‘aysa, ertaga u qayerni Vatan deb biladi, qayer u uchun o‘z uyi bo‘ladi?

O‘zbekistonga borib kelganimdan buyon shuni o‘ylayman. Shunday keyin bolalarimga o‘zimning bolaligim, ota-onam, aka-opalarim, oilamiz haqida ko‘proq gapiradigan bo‘ldim. Qishlog‘imiz odamlarining, qarindosh-urug‘imizning bir-biriga mehr-muhabbati haqida so‘zlaydigan bo‘ldim. Bolalarimning bekamu ko‘st ulg‘ayishi, yaxshi hayot kechirishi uchun ko‘proq pul topishni o‘ylabmanu ularning kimligini, kimlarning avlodi ekanligini aytishni o‘ylamabman. Yana biroz e’tiborsiz bo‘lsam, ularni o‘zligidan ayirib qo‘yar ekanman, o‘zim kimligimni unutarkanman.

Aka, men Amerikaga kelganimdan xursandman!

Yo‘qsa, onamning gaplari, o‘g‘limning so‘zlari ma’nisini anglamasdim. Qishlog‘imiz odamlarining cho‘ntagida puli bo‘lmasa-da mehmon uchun hamma vaqt eshigi ochiqligi, qo‘ni-qo‘shnining yaxshi-yomon kuningda yoningda turishi, boshingga musibat tushsa qarindosh-urug‘ing yelkadosh bo‘lishi qanchalik yuksak tuyg‘u ekanligini his qilmasdim...

Biroz jamg‘argan pulim bor edi. Akamga jo‘natdim. Qishloqdan uy-joy qilaman. Kelasi yil yozda bolalarim bilan borib, hovlida bog‘ qilaman. Bolalarim bilan niyat qilib daraxt ekamiz.

Rejam bor edi, shu yerda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi edim. Endi, maqsadlarim o‘zgardi. Biznesni o‘zimizda, qishlog‘imizda qilaman. Jiyanlarimni, qishloqdoshlarimni yonimga olib, tadbirkorlikni o‘rgataman. Ishim bo‘lsa, pulim bo‘lsa, o‘sha yerda ham o‘zim istagandek yashashim mumkinligini endi tushundim.

Aka, men Amerikada qolib ketmoqchi emasman, O‘zbekistonga, o‘z uyimga qaytaman. Qaytganda ham Vatanimga foydam tegadigan inson bo‘lib qaytaman!

Xatni o‘qigach ko‘nglim yorishdi, bir necha yillar oldin tanishgan, o‘sha samimiy, ochiqko‘ngil Shuhratni topgandek bo‘ldim.

G‘olib HASANOV.