Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Amir Temur davrida qurilgan Arki oliyadan turizm ob’yekti sifatida foydalanish mumkin

Amir Temur Samarqandni o‘z saltanatining poytaxti etib e’lon qilgach, shaharda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Xususan, 1371-1372 yillarda shaharning g‘arbiy qismida 34 gektar maydonni o‘z ichiga olgan Arki oliya bunyod etiladi. Temuriylar davriga oid yozma manbalarda Arki oliya ikki qator mudofaa devori bilan o‘rab olinganligi, bu yerda Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy saroylari qad ko‘targanligi hamda davlat ahamiyatiga ega inshootlar - g‘azna, qurol yarog‘, harbiy aslahalar ishlab chiqaruvchi ustaxonalar, omborxonalar, kutubxona, devonlar joylashganligi qayd etiladi.

Bo‘stonsaroy arkning shimoliy qismidagi mudofaa devori yonida joylashib, asosan hukmdorning o‘zi va oilasining istiqomat qilishi uchun mo‘ljallangan. Ko‘ksaroy esa ark markazida joylashib, to‘rt qavat bo‘lgan. O‘z davrida yuksak darajada mahorat bilan bezalgan saroyda elchilarni qabul qilish, rasmiy marosimlar o‘tkazish kabi davlat boshqaruvi bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilgan.

Arkning shimoliy-sharqiy qismida joylashgan suv manbai yer ostidan o‘tkazilgan sopol quvurlar orqali qal’aning turli qismlarini suv bilan ta’minlagan. Arkning mudofaa devorlari paxsadan bunyod etilib, pastdan yuqoriga torayib borgan va har 40-60 metr oralig‘ida aylana shakldagi minoralar bilan mustahkamlangan. Arkning atrofi Novadon arig‘i suvlari bilan to‘ldirilgan xandaq bilan o‘rab olingan. Arkning janubiy tomonida Buxoro darvozasi, sharqda Samarqand darvozasi  joylashgan. Asosiy darvoza Samarqand darvozasi bo‘lib, unga savdo do‘konlari joylashgan "Kumush rasta" ko‘chasidan Novadon arig‘i ustidan tashlangan maxsus ko‘prik orqali o‘tilgan.

Shu bilan bir qatorda arkda Qutbi Chordaho‘m yoki Shayx Nuriddin Basir maqbarasi joylashgan. Ushbu maqbara haqida Samariya asarida quyidagilar keltirilgan: "«Basir» shuning uchun deganlarkim, u kishi onadan so‘qir tug‘ilgan bo‘lsa ham valiylik nuri bilan barcha ko‘rgiliklarni ko‘rar edi. U qutblar orasida o‘n to‘rt kechalik to‘lgan oydek edi. Shunga ko‘ra, o‘zini o‘n to‘rtinchi qutb ataydi. U shayx Zayniddii Kuyi Orifoniyning xalifasi bo‘lib, undan tarbiya topib, qabul darajasiga yetgan. Shayxlikda tugallanib, eng so‘nggi bosqichiga mingach, yo‘lboshchisining g‘aybiy ishorati yuzasidai, onasi bilan birga No‘shkentdan Samarqandga ko‘chib kelibdi. No‘shkent va Kuyi Orifon Toshkent viloyatining qishloqlaridandir. Samarqandga kelgach, Novadon bulog‘ining yoqasida, Qo‘yi cho‘pononda sabzarang yoki «Masjidi kabud» va turklar tomonidan «Ko‘k machit» deb ataladigan masjidda qo‘nib, shunda o‘rnashibdir. Zikrni jahriya yo‘li bilan aytar ekan. Bir talay kishini olislik o‘rnidan yaqinlik darajasiga yetkazibdir. U 640 (1242-1243) yilda o‘ldi. Gavdasini Novadon bulog‘ining yoqasiga ko‘mdilar. Aytadirlarkim, Qutbi chordaho‘mning qutlug‘ mozori Novadon bo‘yida arkning tashqarisida ekan. Amir Temur ko‘ragon hazrati shayx Abu Sa’id ibn hazrati shayx Burhoniddin Sog‘archiydan o‘z ishlarining oldinga borishi uchun ruhoniy yordam so‘raganda, shayx Nuriddin (Qutbi chordaho‘m) qabrini ziyorat etishga buyuribdi. Shu shayxniig buyrug‘i bo‘yicha Amir Temur Qutbi chordaho‘m mozorini Samarqand arkiga kirgizib, qabri ustida go‘zal va yuksak bir bino soldirgan va gumbazining ustiga oltindan bir qubba yasatib o‘rnatgan ekan. Ushbu mozorning ziyorati duoning qabuli va tilaklarning yuzaga chiqishiga ancha ta’sirlikdir. Amir Temur kechalari shul mozorning tevaragida aylanib yurar ekan".

Hokimiyat tepasiga Shayboniylar sulolasining kelishi, poytaxtning Buxoro shahriga ko‘chishi ma’lum darajada Samarqand shahri obodonchiligiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Xususan, XIX asrga qadar Samarqand arki va undagi inshootlar borasidagi ma’lumotlar yozma manbalarda qayd etilmaydi. Faqatgina, XVIII asr o‘rtalarida Samarqand shahrining huvillab qolganligi,  faqatgina arkda mingga yaqin oila istiqomat qilganligi aytib o‘tiladi. Mang‘it hukmdorlarining markazlashtiruv siyosati va siyosiy barqarorlik boshqa shaharlar singari Samarqandning ham nisbatan rivojlanishiga olib keladi. Xususan, arkning sharqiy tomonida Kulollar mahallasi shakllanadi.

1868 yilda Samarqand Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan so‘ng shahar arkida harbiy garnizon joylashtiriladi. 1868-1875 yillarda esa arkning topografik rejasi olinadi.

Shu o‘rinda, Sohibqiron davrida Samarqand arkida qurilgan Ko‘ksaroy qachon yo‘q bo‘lgan, degan savol tug‘iladi. Ko‘ksaroy haqida yozgan tarixchilarning fikrlaricha, Ko‘ksaroy bundan ikki yoki uch asrlar ilgari yo‘q bo‘lib ketgan. Xususan, G.Vamberi va A.Xoroshxinlar o‘z esdaliklarida ta’kidlashicha, arkdagi Ko‘ksaroy mang‘it amirlari tomonidan Temur saroyining oldingi hashamatini tiklashga harakat qilib, yuz yillar oldin qurdirilgan.

Amir Temur arkini tadqiq etgan T.Lebedeva ham XVIII-XIX asrlarga oid madaniy qatlamlarda saroy qoldiqlarini o‘rganib, Amir Muzaffar davrida bunyod etilgan saroy Amir Temur davri saroyi rejasini to‘liq qaytarmasligini qayd etadi. Buxoro amirlari tomonidan qayta ta’mirlangan yoki yangitdan bunyod etilgan saroyda mashhur Ko‘ktosh joylashtirilgan. XIX asrda Ko‘ktosh turgan saroyning ko‘rinishi bizga 1868 yili Samarqand istilosida qatnashgan rus rassomi V.Vereщaginning chizib qoldirgan surati orqali ma’lum. Bu suratdan Ko‘ktosh o‘rnatilgan saroy to‘rt burchakli bo‘lib, devorning to‘rt tomonida ayvon qilingan, ayvonning o‘rtasi ochiq bo‘lib, saroyning to‘rida Ko‘ktosh qo‘yilgan. Saroyning ustunlari, shifti va toqi nafis naqshlar bilan bezatilgan. Ko‘ktosh ustiga bunday hashamatli binoning qurilishi bu toshga bo‘lgan chuqur ehtiromning ramzi ekanligini anglatgan. Zero, Temuriylar davridan boshlab, Ko‘ktosh toju-taxt va hukmdorlikning qonuniy timsoli bo‘lib qolgan ediki, Buxoro amirlari ham Ko‘ktosh ustida rasmiy o‘tirish marosimlarini o‘tkazishga harakat qilishgan.

1878 yilda rus harbiylari arkda harbiy istehkom qurish uchun dastlab ark mudofaa devorlarini tekislab tashlashgan bo‘lsa, 1880-1981 yillarda arkdagi qolgan inshootlarni buzib yuborishadi. Jumladan, Shayx Nuriddin Basir maqbarasi dastlab porox saqlanadigan omborxonaga aylantiriladi. Keyinchalik to‘liq portlatib yuboriladi. Shayx Burxoniddin Basir hoki esa Samarqand qozikaloni Said Mir Nizomiddin Xo‘ja rahbarligida Hazrati Xizr masjidining shimoliy sharqiy tomonida qayta dafn etiladi.

XIX asr oxiri - XX asr boshlarida ark hududida bir qator harbiy kazarmalar bunyod etilib, ikkinchi jahon urushida ular harbiy gospitallarga aylantiriladi. 1970 yillarda ushbu hudud qayta rejalashtirish tufayli harbiy qism boshqa joyga ko‘chirilib, 1980 yillarda bir qator ma’muriy binolar qurilishi boshlanadi.

Aynan shu davrda ark hududida O‘zR FA Arxeologiya instituti tomonidan tadqiqot ishlari amalga oshiriladi. 1980-1982, 1986-1989 yillar davomida arkning 30 dan ziyod joyida shurf va planografik qazishma ishlari olib borilib, turli davrlarga oid inshootlar qoldiqlari aniqlanadi. Jumladan, X, XIV-XV, XVIII-XIX asrlarga oid mudofaa devori, yer osti suv yo‘li, hammomlar va ularni suv bilan ta’minlovchi hovuzlar, turar joy (hozirgi Afrosiyob mehmonxonasi o‘rnida), xumdonlar, kanallar va boshqa inshoot qoldiqlari aniqlanadi. Afsuski, qazishmalarning aksariyati keyinchalik ularning ustiga qurilgan inshootlar ostida qolib ketadi.

Hozirgi kunda Samarqand viloyatining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytirish maqsadida Samarqand arkini ham turizm ob’yekti sifatida tanitish muhim ahamiyatga ega. Zero, hozirgi kunda ark hududida saqlanib qolgan XIV-XV va VIII-XIX asrlarga oid hammom va  XIV-XV asrga oid hovuz qoldiqlarini ochish va konservatsiya qilish dolzarb vazifadir. Shu bilan bir qatorda, ark hududida ilmiy izlanishlarni reja asosida davom ettirish va uning topografiyasiga oid ma’lumotlarga aniqlik kiritish ham asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

M.SAIDOV,

Milliy arxeologiya markazi direktori o‘rinbosari.