Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Amir Temur davrida, yer egaligi va soliq tizimlari

Sug‘oriladigan yerlarning katta qismi davlat mulki hisoblangan. Bu yerlarga mamlakat hukmdori, amirlar, shahzodalar egalik qilganlar.

Davlat yerlarini hukmdor sulola vakillariga, yirik harbiy rahbarlarga, davlatning yuqori lavozimli amaldorlariga suyurg‘ol tarzida in’om qilish keng tarqalgan edi. Butun bir shahar yoki yirik viloyatlar ham suyur­g‘ol sifatida berilganligi manbalardan ma’lum. Suyurg‘ol egasi o‘ziga in’om qilingan yerlarga amaldorlar, soliqchilar tayinlash huquqiga ega bo‘lgan. Suyurg‘ol yorlig‘iga ega bo‘lgan viloyat hukmdorlari markaziy hokimiyatga faqat nomigagina qaram bo‘lganlar. Ammo bu ularning to‘liq, mustaqil bo‘lganliklarini bildirmaydi, suyurg‘ol egalari markaziy hokimiyat chiqargan qonun va farmonlar doirasidan chetga chiqa olmagan. Suyurg‘ol egasi bu tartib-qoidani buzgan hollarda yerga egalik qilish huquqidan mahrum etilgan.

Ekiladigan yerlarning salmoqli qismini mulk, ya’ni xususiy yerlar tashkil etardi. Mulk yerlarning katta qismi zodagonlar, harbiy va diniy arboblar qo‘lida edi. Davlat uchun katta xizmat ko‘rsatganlarga tarxonlik yorlig‘i berish keng joriy qilingan. Tarxonlik yorlig‘ini olganlarga katta imtiyozlar berilgan, ular barcha soliqlardan ozod qi­lingan. Tarxonlik yorlig‘i ko‘p hollarda alohida xizmatlari uchun amirlar, beklar, sayidlar va yuqori tabaqaga mansub shaxslarga berilgan. Bunday yorliqni olgan shaxslarning ismiga "tarxon" so‘zi qo‘shib ishlatilgan. As­ta-sekinlik bilan mamlakat ijtimoiy hayotida tarxonlarning nufuzi oshib boradi va ular u yoki bu ho­kimning taqdirida hal qi­luvchi rol o‘ynay boshlaydilar.

Amir Temur davrida katta-katta yerlarni masjid, madrasa va mozorlarga vaqf qilib berish keng tarqalgan edi. O‘sha davr odatiga ko‘ra, yer va suvdan tashqari, do‘­konlar, tegirmonlar, ustaxonalar, bozor, objuvoz va karvonsaroylar ham vaqf qilib berilgan. Vaqf mulkidan tushgan daromadlar masjid, maqbara, madrasalar, musofirxona va bemorxonalarning ehtiyoji uchun sarflangan.

XIV-XV asrlarda dehqonchilik yerlarining ayrim qism­lari qishloq aholisining, jamoalarning mulki hisoblangan. Mulkchilikning bu shakli ham suvli va tog‘oldi hududlarida birmuncha keng tarqalgan. Yerga jamoa bo‘lib ishlov berilgan. Amir Temur davlatchilik qonun-qoidalarini bir necha asrlik tarixga ega bo‘lgan o‘zbek davlatchiligi an’analariga hamda shariat qoidalariga asoslanib yaratgan edi. Amir Temur joriy etgan soliq tizimlari va iqtisodiy tartib-qoidalar bugungi kunda ham jahonning yetakchi davlatlarida qo‘llanilib kelinmoqda. Masalan, bugungi kunda barcha davlatlarda daromaddan olinadigan soliq turini dastlab Sohibqiron joriy etgan edi. "Tamg‘a" nomi bilan atalgan bu soliq savdo-sotiq va hunarmandchilikdan olingan bo‘lib, So­hibqirondan oldin joriy qilinmagan edi. Yevropa davlatlarida hali davlat byudjeti haqida tasavvur ham bo‘lmagan bir davrda Amir Temur o‘z davlati miqyosida byudjet jamg‘armasini joriy qilgan edi.

Amir Temur o‘z davlatida adolatli soliq tizimini joriy qilganligi ko‘plab tarixiy manbalarda qayd etilgan. Soliqlar undirishda to‘rt tamoyilga amal qilingan. Birinchisi – soliq solish va undirishda adolatparvarlik prinsiplariga asoslanish. Bu – soliqlar miqdorini fuqarolarning daromadlaridan kelib chiqib belgilashni bildirar edi. Soliq undirishning ikkinchi tamoyili aniqlik tamoyili edi. Unga binoan soliq to‘lovi, uning hisoblash usuli, to‘lash muddati oldindan aniq belgilangan. Uchinchi tamoyil bu soliq undirishni aholiga qulay vaqt­da amalga oshiriщdan iborat edi. Fuqarolarga g‘am­xo‘rlik qilish maqsadida joriy qilingan to‘rtinchi tamoyil – soliq tizimlarini doimiy ravishda takomillashtirish, soliq yig‘ish xarajatlarini muttasil kamaytirib borishni ko‘zda tutar edi. Soliq yig‘uvchilarning ish haqlari soliq to‘lovchilarning zimmasida edi. Bu hol fuqarolarning yelkasiga qo‘shimcha yuk bo‘lib tushar edi. Amir Temur xalqqa yengillik berish uchun soliq to‘plovchilarga xazinadan maxsus oylik belgilab qo‘ygan.

Amir Temur yangi yerlarni o‘zlashtirganlar, tashlab ketilgan yerlarga ishlov berganlar, cho‘lga suv chiqarib, obod qilganlarni ma’lum muddat soliqdan ozod qilgan. Shuning uchun katta-katta shaharlarning aholisini bir necha marta soliqlardan ozod etgan, ayrim soliq turlarini batamom bekor qilgan. Bu haqda Amir Temur o‘z "Tuzuklar"ida "Amr etdimki, hech bir shahar va qishloqda odamlardan jon solig‘i, uy solig‘i olmasinlar. Sipohiylardan biron kishi ra’iyatning xonadoniga zo‘rlik bilan kelib tushmasin, raiyatning ot-ulovini tortib olmasin", deb yozgan edi. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan anglashiladiki, Amir Temur donishmand, tadbirkor davlat arbobi sifatida o‘z davlatida adolatli soliq tizimini joriy etgan va buning samarasi tufayli davlatning iqtisodiy qudrati oshib borgan.

 

Qo‘ziboy MAMARAIMOV,

Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi

viloyat bo‘limi raisi.