Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Andijonda 4 ta markaziy shifoxona karantinga olindi

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va epidemiologik holatni barqaror saqlash bo‘yicha ishlar belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.

Xabaringiz bor, Andijonda bir oila a’zolari – 3 nafar fuqaroda koronavirus aniqlangan, er-xotin va uning talaba qizida tasdiqlangan edi. Kasallik tashxisi qo‘yilgan ayol 10-11 mart kunlari Qirg‘izistonning O‘sh shahrida va uning qizi ham Qirg‘izistonning O‘sh shahrida 10-18 mart kunlari bo‘lib, Andijonga qaytgan.

Ayolning erida kasallik alomatlari aniqlanganidan so‘ng o‘tkazilgan tibbiy tekshiruv natijasida bir oilaning 3 ta a’zosida koronavirus aniqlangan. Ular hozirda maxsus shifo maskanida. Umumiy ahvoli qoniqarli, alohida holatda tibbiy nazoratda davolanmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, ushbu 3 nafar koronavirus aniqlangan shaxslar tashrif buyurgan barcha tashkilotlar, ya’ni Andijon shahrida joylashgan Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi, Andijon viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali va Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi zudlik bilan 14 kunga vaqtincha yopilib, karantin e’lon qilindi.

Bemorning uyi, qarindoshlari, tanishlari, kasbiy muloqotda bo‘lgan shaxslar ham alohida nazoratga olindi.

Karantinga olingani munosabati bilan Andijon viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati Andijon shahar bolalar shifoxonasiga yuklatildi.

Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialining faoliyati Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga berildi.

Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasining xizmat faoliyati karantin mobaynida Andijon shahrining boshqa 8 ta oilaviy poliklinikalariga taqsimlandi.

Andijonda tug‘ruqxonalar, tez tibbiy yordam – 103 xizmati, barcha poliklinikalar, barcha shifoxonalar, shuningdek, hususiy shifo maskanlari aholiga tibbiy xizmatni qat’iy tibbiy-sanitariya qoidalariga rioya qilib, chegaralangan holda davom ettirmoqda.

Koronavirusga gumon qilinganlarni telefon orqali muloqot, surishtiruv va xabarlar asosida maxsus himoyalangan tibbiy brigadalar tarkibidagi shifokorlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazmoqda, deb xabar beradi Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.