Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Andijonda soyda “suzib” kelayotgan “Lasetti” olib chiqildi (video)

Andijon shahri yaqinidan oqib o‘tuvchi soyga “Lasetti-Jentra” rusumli avtomashina tushib ketgani aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 13 oktyabr kuni soat 14:40 larda 1050 qisqa qutqaruv raqami orqali Andijon viloyati Andijon tumani, Nayman MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan «Jahon buyum bozori» savdo kompleksi va «Qorasuv» kiyim bozori o‘rtasidan oqib o‘tgan «Shahrixonsoy» tashlama kanali o‘zanida qizil rangli «Lasetti» rusumli avtomashina oqib ketayotganligi hamda uning ichida haydovchi va yo‘lovchilari mavjud emasligi to‘g‘risidagi xabar kelib tushadi.

Olingan tezkor xabar bo‘yicha Andijon viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv otryadi navbatchi guruhi zudlik bilan amaliy yordam ko‘rsatish va avtomashinani soydan olib chiqish maqsadida hodisa joyiga yetib borishadi.

Voqeaga oydinlik kiritilganda Andijon shahar Guliston MFYda yashovchi fuqaro M.U. o‘zining «Lasetti Jentra» rusumli avtomashinasini kanal qirg‘og‘iga vaqtinchalik saqlash uchun qo‘yib, saqlagich qo‘l tormozini ko‘tarmagani va erkin holatda soy qirg‘og‘ida qoldirgani oqibatida avtomashina soyga sirg‘alib tushib, oqib ketganligi aniqlangan.

Qutqaruvchilar ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, maxsus texnika va qutqaruv vositalari yordamida mashinani soy o‘zanidan zarar yetkazmasdan chiqarib, egasiga topshirgan.