Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Andijonda yangi gaz koni topildi

Andijondagi Uchtepa konida 1350 metr chuqurlikdan sutkasiga 300-350 ming kub/metr miqdorida gaz otilib chiqa boshladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Andijonda joylashgan “Uchtepa” konida yangi gaz qudug‘ini ishga tushirdi, deb xabar qilmoqda kompaniya matbuot xizmati.

“Tabiiy gazni razvedka qilish uchun mo‘ljallangan 7-sonli quduqdan sanoat hajmida gaz otilib chiqa boshladi. Bir sutkada chiqayotgan “zangori olovning” o‘rtacha hajmi 300 – 350 ming kub/ metr”, - deyilgan xabarda.

7-sonli quduq 1350 metr chuqurlikkacha qazilgan. Yangi konda 10 kun ichida gaz kondensati izlanishlari, ya’ni topilgan manbaaning bosimi, harorati va tarkibi o‘rganib chiqiladi. Qo‘shimcha miqdorda gaz topilishi Farg‘ona viloyati aholisini gaz bilan ta’minlash imkonini kengaytiradi, deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Uchtepa konida geologiya razvedka ishlari prezident qaroriga asosan 2017 yilda boshlangan. Geologiya razvedka ishlari 2021 yilgacha mo‘ljallangan.

Ushbu gaz koni Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida joylashgan. Oldin 1, 3, 4, 5-sonli quduqlardan sanoat hajmida 386 min metr/kub hajmda gaz topilgan edi.