Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Andijoni»da suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballon 28 ming so‘m. Aslida uning narxi qancha?

Bugun, 24 iyun kuni Zarnews.uz saytiga Samarqand tumani Andijoni mahallasida istiqomat qiluvchi Zoirjon Hamidov qo‘ng‘iroq qildi. Uning aytishicha, Samarqand tumani gaz ta’minoti idorasidan keltirilgan maishiy gaz ballonlari Andijoni mahalla fuqarolar yig‘ini raisi boshchiligida 22 400 so‘m emas, balki 28 ming so‘mdan sotilyapti.

“Nima uchun gaz ballonlarini qimmat narxda sotayapsiz, desam mahalla raisi tuman gaz idorasidagilar «25 000 so‘mdan soting», deb tayinlagan. Qolgan 3 mingi esa mahalla uchun sarflanadi”, degan javobni oldim.

Hozir ayni karantin vaqti har bir so‘m hisobda bo‘lsa, qishlog‘imiz yoshlarining ko‘pchiligi ishsiz, pul topish muammo. Axir 22 400 so‘mlik suyultirilgan gaz bilan to‘ldirilgan ballon 28 mingdan sotilishi insofsizlik emasmi? Gazchilar nima uchun ko‘chama-ko‘cha yurib, aholiga tarqatishmaydi? Mahalla raisi o‘zicha narx belgilab sotishni emas, balki uning belgilangan narxlaridan oshib ketmasligini nazorat qiluvchi mas’ul emasmi?”.

Bu masalaga mutasaddi idoralar rahbarlari nima deydi?