Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aqli “donish” bobojonim!

Havo issiq. 73 yoshli Shodi bobo qayrag‘och soyasidagi to‘shakda chalqancha yotganicha sigareta chekib, uning dudini havoga puflamoqda. Nafaqasi ham hamin qadar, joni huzurda. Nima qilsin, goho zerikkanida chilim «so‘rib» hordiq oladida. Kitob o‘qishga toqati yo‘q. Ichi qizib, diqlanib ketarmish. 30 yil hisobchilik qilgan, qo‘liga ketmon tugul aqalli tesha ushlamagan. Qora mehnat desa, etlari eshkanlab ketadi. 16 nevarasi bor, ana shularga har kuni hech bo‘lmaganda yarim soat axloq-odobdan pand o‘qib turadi. Buyam ermakda, qariganda. Zerikib mahalla choyxonasiga chiqsang, g‘iybatdan boshqa hemiriyam yo‘q.

Ey voh, shu chog‘ deng, dilini sezgandek yoniga maktabdan qaytgach, uch nevarasi kelib qoldi. Oh-oh-oh! Bolaginamning bolasi, qanddek o‘rikning donasi.

Ammo hozirgi o‘riklar donasi qanddek emas, talx, ko‘pi achchiq. Chunki o‘qigan, mahmadona, gap qaytaradi. Mana, qarang…

- Bobojon, axir kechagina o‘zingiz sigareta chekmanglar aslo, kashandalik odamni kasallantirib o‘ldiradi, degandingiz. Mana, o‘zingiz chekyapsiz-ku?!

- Ey, xomkalla, qachon aytdim bu gapni?..

- Kecha, shu payt. Biz maktabdan qaytgan chog‘imiz.

- O‘v, landavur, nodon, aqling joyida emasga o‘xshaydi. Bahoying «2» bugun! Axir men sigareta emas, sigaretaning dudi odamni kasallantirib, o‘ldiradi degandim-ku! Bilasanmi, tibbiyotda sigareta chekayotgan odamdan ko‘ra, uning yonidagi shu hidni hidlayotgan odam, ayniqsa, bolalar yuz karra ko‘proq zaharlanadi, degan ogohnoma bor. Bilasanmi shuni? Vu-o‘t, bilmaysan! Men ana shuni nazarda tutgandim, xomkalla, chilimbosh! Endi tushundingmi?

- Ha, tushundim, bobo.

- He-he-he… yutqazding! Bor unda muzlatkichda turgan «cheshskiy» pivomdan bir shishasini olib kel.

- Mana pivongiz, bobo. Ayting-chi, pivo ham araqmi?

- Hmmm, pivomi? Pivoni yarim araq desa ham bo‘ladi. Chunki quvvati araqdan ancha kam.

- Pivo ham odamni mast qiladimi, bobo?

- Albatta, mast qiladi.

- Bobo, pivo yaxshimi yoki araqmi?

- Ikkoviyam yaxshi. Kimga qandoqda. Birov pivoni xush ko‘rsa, boshqa birov araqni yoqtiradi. Bu odamning ta’biga bog‘liq.

- Siz u kuni araq ichishni xudo man qilgan, u makruh, halol emas, degandingiz. Ayting-chi, qaysi biri halol, pivomi yoki araqmi?

- Pivo halol! Chunki u odamzod uchun ham ozuqa-ovqat, ham shifo. Tabiblar pivo orqali oshqozon hamda jigar kasalliklarini davolashadi. Pivoning beradigan kayfu huzuriga gap yo‘q… Qoq miyadan uradi, qistaloq.

Shuning uchun ham shifobaxshki, u toza bug‘doy va kamyob dorivor giyohlardan tayyorlangan bo‘ladi.

- Pivoni qancha ichish mumkin, bobo?

- Ko‘ngil tortganicha. Zaif odam uning 3 shishasi bilan «qulaydi», yana birov, masalan, men 10 shisha toza pivo bilan qulasam kerak.

Menga qara bola, qulog‘ingga aytay, pivo oriq odamlarni semirtiradi. He-he-he...

Murodim UMRZOQOV.