Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

AQSh va Yevropa ittifoqi Lukashenkoni Belarus prezidenti sifatida tan olishdan bosh tortdi

Qo‘shma Shtatlar Aleksandr Lukashenkoni Belarusning qonuniy saylangan prezidenti deb hisoblamaydi. Bu haqda AQSh davlat departamenti vakili RIA Novostiga ma’lum qildi.

“9 avgust kuni o‘tkazilgan saylovlar haqqoniy o‘tkazilmadi. E’lon qilingan natijalar qalbakilashtirildi va qonuniylikni aks ettirmadi. Qo‘shma Shtatlar Aleksandr Lukashenkoni mamlakatning qonuniy saylangan yetakchisi deb hisoblamaydi”, dedi u 23 sentyabr kuni Lukashenko qabul qilgan qasamyodga izoh berib.

Shu bilan birga, Yevropa ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Aleksandr Lukashenko inauguratsiyasi demokratik qonuniylikdan mahrum etilganini va Belarus inqirozining yanada chuqurlashishiga olib kelishini ta’kidladi.

“YeI 9 avgust kuni Belarusda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari haqqoniy o‘tkazilmaganini yana bir bor tasdiqlaydi. YeI uning qalbakilashtirilgan natijalarini tan olmaydi. Shundan kelib chiqib, 2020 yil 23 sentyabr kuni o‘tkazilgan inauguratsiya marosimi va yangi prezidentlik mandati har qanday demokratik qonuniylikdan mahrum etilgan”, deyilgan u taqdim etgan bayonotda.