Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Armiyaga yuborilishi kechiktirilgan chaqiriluvchilar ko‘ngilli ravishda dezinfeksiya ishlarida qatnashmoqda

Bugungi kunda muddatli harbiy xizmatga fuqarolarni yuborish tadbirlari kechiktirilgan bo‘lsa-da, saralashdan o‘tib, “komanda”ga tushgan chaqiriluvchilar ko‘ngilli ravishda dezinfeksiya ishlarida qatnashmoqda.

Bu harbiy Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.

Markaziy harbiy okrugga qarashli Samarqand (775), Navoiy (580) hamda Jizzax garnizonida (302) jami 1657 nafar bo‘lajak askar ushbu viloyatlarning mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarma va bo‘limlari mas’ullari hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bilan hamkorlikdagi taktik-maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.

Chaqiriluvchilar uyda qolishdan ko‘ra, infeksiyaga qarshi kurashishni afzal bilmoqda. Har bir tumanda yoshlardan iborat 4-5 ta, viloyat markazlarida esa 40 ga yaqin otryad tuzilib, bozorlar, savdo do‘konlari hamda aholi yashash manzillariga yuborilmoqda.

Natijada katta masshtabdagi hududlarda virus infeksiyasiga qarshi samarali kurash olib borilyapti. Ko‘ngillilar safi esa kun sayin ortmoqda.

Shuningdek, harbiy okrug kesimidagi kuch tuzilmalarining 30 ga yaqin maxsus texnikasi yo‘llar, ko‘pqavatli binolar atrofi, ko‘chalarda tozalash tadbirlariga jalb qilingan.

Bundan tashqari harbiy texnikalarga o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgichlar orqali fuqarolardan zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik so‘ralmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy harbiy okrugda fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yuborish va askarlarni xizmatdan kutib olish tadbirlari 20 martdan 10 aprel kuniga qadar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq O‘zbekistonda karantin tadbirlari sababli, fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yuborish vaqtincha kechiktirildi.