Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Askarning onasi oddiy ayol emas

Samarqand shahrida Vatan himoyachilari kuni oldidan “Askar onalarini sharaflaymiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda samarqandlik askarlarning onalari hamda Samarqandda harbiy xizmatni o‘tayotgan yigit ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi mas’ul xodimi, podpolkovnik T.Xolmatov yig‘ilganlarni bayram bilan tabrikladi.

– Harbiylarning onasi oddiy ayol emas, vatan uchun, shu yurt himoyasi uchun mard o‘g‘lon tarbiyalagan mo‘’tabar insonlardir, – dedi T.Norboyeva. – Ularning har biri e’zozga, sharafga munosib. Bugun onalarimiz farzandlarini harbiy xizmatga jo‘natar ekan, ko‘ngli xotirjam, yuragida hadik yo‘q. Sababi, askar bolalariga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib kelmoqda, ular bilan gaplashib, so‘zlashib turmoqda. Mana shu imkoniyatlarning o‘zi ham onalar uchun davlatimiz tomonidan e’tibor namunasi emasmi.

- O‘g‘lim Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat burchini o‘tamoqda, - deydi Nurobod tumani Amir Temur mahallasida istiqomat qiluvchi Shirin Berdiqulova. – Yaqinda uning harbiy qismida bo‘lib, xizmat jarayonlari, yashash sharoitlarini ko‘rib keldik. Armida farzandlarimiz jismonan chiniqish barobarida puxta bilim olayotganiga guvoh bo‘ldim. O‘g‘lim tufayli shunday tadbirlarda qatnashayotganimdan xursandman.

Anjuman davomida askar yigitlarga sovg‘a-salomlar tarqatildi, onalar madh etilib, qo‘shiqlar kuylandi.

Gulruh MO‘MINOVA.