Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aziz Prezident stipendiyasini qo‘lga kiritdi

– Ҳозир 53 ёшдаман. Турмуш ўртоғим иккинчи гуруҳ ногирони. Бир нафар ўғил фарзандим бор. Унинг келажаги қандай бўлиши мени йиллар давомида ўйлантириб келди. Ниҳоят, Аллоҳ орзуларимни амалга оширди. Ўғлим етти йил деганда олий таълим муассасаси талабаси бўлди.

Bu so‘zlar tabiiy fanlar ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasini qo‘lga kiritgan Aziz Samadovning onasi Ra’no Mastonovaga tegishli.

Aziz 1989 yil 25 iyulda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabida, so‘ngra Samarqand iqtisodiyot kollejida o‘qigan. Hozirda SamDUning "Amaliy matematika va informatika" ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabasi. Uning axborot xavfsizligi, shuningdek, amaliy dasturlash masalalariga bag‘ishlangan ilmiy maqola va tezislari mamlakatimiz hamda chet eldagi turli ilmiy jurnal, ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘p­lamlarida chop etilgan. U dars mashg‘ulotlarida faol ishtirok etib, ustozlari hamda tengdoshlari orasida hurmat qozondi.

A.Samadov ustozi Iskandar To‘raqulov yordamida bilimlarini mustahkamladi va 3 ta amaliy dastur yaratib, patent oldi. U intiluvchan va tirishqoqligi natijasida 2017 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasini qo‘lga kiritgandi.

– Ayni paytda "Amaliy dasturlash" mavzusida ilmiy izlanish olib boryapman, – deydi Aziz Samadov. – Bu ishimni oxiriga yetkazish uchun magistraturani ham tahsil olayotgan dargohimda davom ettirmoqchiman. Maqsadim – yangi loyihalar yaratish va o‘z ustimda ko‘proq ishlab, Vatanimga munosib farzand bo‘lish. Kelajagimni mana shunday g‘oya asosida yarataman va menga bildirilgan yuksak ishonchni, albatta, oqlayman.

Boboxon PO‘LATOV.