Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bahorgi bir so‘m kuzgi o‘n so‘mga teng yoki klaster tizimi samaralari

Dehqon uchun yetishtirayotgan hosilini daromad oladigan darajada sotish va bu masalada aniq ishonchga ega bo‘lish ekin uchun suv va quyosh qanchalik muhim bo‘lsa, shunday ahamiyatli sanaladi. To‘g‘ri, dehqonchilik tavakkal ish deb ko‘p aytiladi, ob-havo sharoiti, suvning nechog‘lik bo‘lishi, hosilning cho‘g‘i baland bo‘lsa-da, ammo bozorda uning narxi keskin tushib ketishi xavfi kabi tabiat va bozorning qator injiqliklari dehqonni yillar davomida pishitib boradi. Ammo tavakkalchilikning ham qonun-qoidalarini ishlab chiqish mumkin ekan. Ya’ni, ushbu injiqliklarni me’yorida ushlab turadigan va fermerni bu masalada qo‘llab-quvvatlaydigan bir tizim bor. Bu klaster tizimi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda klaster tizimi joriy etilib, ayniqsa, paxtachilikda uni qo‘llash harakati boshlab yuborildi. Mazkur amaliyotni anchadan beri qo‘llab kelayotgan fermerlar bilan suhbatlashar ekanmiz, ushbu tizimning fermerlik rivoji uchun qanchalik muhim ahamiyat kasb etishi namoyon bo‘ldi.

Masalan, Urgut tumanidagi «Ahat bobo» fermer xo‘jaligida sabzavotlar, g‘alla bilan birgalikda tamaki ekini ham ekiladi. Fermer xo‘jaligi boshlig‘i tamaki yetishtirishda «British Amerikan Tobakko - O‘zbekiston» bilan hamkorligi nimalardan iboratligini gapirib berdi.

- 57 gektar yerning 22 gektariga g‘alla, 6 gektariga uzum, 5 gektariga sabzavot va boshqa ekinlar yetishtiramiz, - deydi fermer Po‘lat Aslanov. – 10 gektar yerimizga tamaki ekib, hosil yetishtiramiz, tumandagi O‘zBAT korxonasi bilan hamkorligimizga ham qariyb 20 yil bo‘ldi. Bilasiz, Urgut tumanida bu o‘simlik bir necha o‘n yilliklardan beri yetishtiriladi. Ayni paytda bu o‘simlik parvarishi avvalgi yillardagidan ko‘ra keskin farq qiladi. Keling, hamkorligimiz nimadan iboratligini batafsil tushuntirib beray.

Birinchi ish shartnoma tuzishdan boshlanadi. Ko‘pchilik shartnoma deganda uning aksariyat vazifalari bajarilmaydigan, ba’zida hatto nomiga tuziladigan hujjatni tushunadi. Ammo bizning hamkorligimizda shartnomadagi har bir band vaqti-vaqti bilan bajarib boriladigan, amaliyotga tadbiq etiladigan hujjat. Shuning uchun uni imzolash, har bir bandini sinchiklab o‘qib borish kerakligini yaxshi tushunamiz. Xullas, shartnomadagi vazifalar bahorning ilk oyidan boshlab chin ma’noda ishlay boshlaydi. Ekin-tikin ishlariga erta ko‘klamdan kirishamiz. Bu  dehqonning yiqqan-tergan pullarini sarflab, ancha kamxarjroq bo‘lib turgan payti. Urug‘lik issiqxonaga ekilib, ko‘chat tayyorlash kerak. Shunday paytda korxona issiqxona uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyoni yetkazib beradi: plyonkadan tortib,  ekin asboblari, urug‘likkacha dala boshiga keltirib beriladi. Hatto 25 foiz miqdoridagi avans puli ham tarqatiladi. Otam ham dehqon bo‘lgan, u kishi doim bir gapni bizga uqtirardilar: bahorda berilgan bir so‘m kuzgi o‘n so‘mdan ziyodroq deb. Shu gap har doim amalda o‘z isbotini topganiga guvoh bo‘lganman.  «British Amerikan Tobakko - O‘zbekiston»  tomonidan berilgan avans puli shu payti dehqon uchun ayni muddao bo‘ladi, qolaversa, bu ekin qilishga rag‘bat beradi. Faqat shu bilangina cheklanib qolinmaydi. Har ikki-uch nafar fermerga tashkilot tomonidan maosh to‘lanadigan agronom mutaxassis biriktirilgan. Ular o‘simlikning rivojlanishi, qanday kasalliklarga chalinayotganini kuzatib boradi. O‘z vaqtida berilgan mutaxassis tavsiyasi, kasalliklarga qarshi vaqtida ko‘rilgan choralar tufayli ekin talafotlarga uchramay, baravj rivojlanadi. Bu orada turli qiyinchiliklar kelib chiqishi mumkin. Deylik, o‘tgan yillar davomida suv masalasida ancha qiynaldik. Korxonaga bu haqda murojaat qilgandik, artezian qudug‘ini ta’mirlashga yordam berishga va’da berdi. Ko‘p o‘tmay va’da bajarildi, 56 million so‘m sarflanib, ekinlarni sug‘orish uchun obi hayot masalasi muammo bo‘lmay qoldi. Undan tabiiyki, boshqa ekinlarimizni sug‘orishda ham foydalanmiz.

Keyingi bosqich, ya’ni ekinni yig‘ib-terib olishda ham korxona dala boshidan bizga dalda berib turadi. Ishchilar faqat dala boshiga qadar hosilni chiqarib berishadi. Uni qadoqlab olib ketish ham korxonaning zimmasida. Ekinni olib borish uchun traktor topish kabi masalalar haqida bosh qotirmaymiz. Yetishtirilgan mahsulot korxonaga yetib borishi bilan qisqa muddat o‘tgach mablag‘ fermer xo‘jaligimiz hisob raqamiga kelib tushadi. To‘g‘risini tan olib aytishim kerak: ushbu tashkilot tufayli soliqlarni vaqtida to‘laymiz, ishchi xodimlarga beriladigan mablag‘ uchun  ulardan tushadigan moliyaviy ko‘mak o‘z vaqtida bo‘ladi.

Darvoqe, «Ahat bobo» fermer xo‘jaligida 40 nafarga yaqin kishi ish bilan band. Ular bilan mehnat shartnomasi tuzilgan, mehnatiga qarab haq to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yilgan ekan.

Ushbu tumandagi Ipakli mahallasida joylashgan «Mehnat» fermer xo‘jaligi rahbari Beknazar Xoliqov ham qariyb shunday fikrlarni bildirdi. Qo‘shimcha sifatida aynan tamaki ekishdan qancha daromad qilishini ham yashirib o‘tirmadi.

-  «British Amerikan Tobakko - O‘zbekiston» bilan hamkorligimizga 20 yildan ortiqroq vaqt bo‘ldi, - deydi B.Xoliqov. – To‘g‘ri, bundan ancha yillar avval mahsulotga to‘lanadigan narx pastroq, deb biroz norozi bo‘lgan joyimiz bor edi. Ammo hozir vaziyat tubdan o‘zgardi. Biz ushbu tashkilot bilan hamkorlikning barqarorligidan rozimiz. So‘zimni yaxshiroq tushuntirish uchun misol keltirishim mumkin. Meva-sabzavot topshirish maqsadida uni qayta ishlovchi korxonalar bilan ham hamkorlik qilishimizga to‘g‘ri keladi. Ammo ular bilan tuzilgan shartnoma narx-navo ochiq qoladi. Hosilni yetishtirish bilan bog‘liq muammolar korxonani deyarli qiziqtirmaydi. Ya’ni ular dalamizning qayerda joylashganidan ham bexabar. Hosilni yig‘ib, traktorga joylab, olib borgach ham sarson bo‘lgan hollarimiz bo‘lgan. Eng yomon tomoni, bozorda ushbu mahsulotning narxi tushib ketsa, ikki baravar ko‘proq ovora bo‘lamiz.  Ammo O‘zBAT bilan ishlash jarayonida bu kabi vaziyatlarga hech qachon tushmadik. Shartnomadagi barcha shartlar to‘la-to‘kis amalga oshiriladi. Belgilangan narx yil boshida qanday bo‘lsa, hosil yig‘ishtirib olinganda ham shundayligicha qoladi. Ekinlarni har yili almashlab ekamiz, bu ularning hosildorligiga ijobiy ta’sir qiladi. 25 nafar aholi aynan tamaki ekinida ishlaydi, ularga mehnat daftarchalari ochilgan. Reja bajarilmay qolgan mavsum bo‘lmagan, ammo shunday bo‘lgan taqdirda ham chora ko‘rilishi belgilanmagan. Yil davomida barcha agrotexnik tadbirlar amalga oshirilgan, ekinga ishlov berilishi, agronomning o‘z vaqtidagi maslahatlari, ishchilarning qancha foyda ko‘rishi aniq bo‘lgani holda ishlashi – ekin hosildorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan omillardir. Bunday hamkorlik, ayniqsa, yaxshi ishlaydigan fermerlarga korxona tomonidan qo‘shimcha yordam ko‘rsatilishi, kishiga rag‘bat beradi.

Fermerning aytishicha, har yili 10 gektar yerga ekiladigan tamaki ekinidan 60 million so‘mga yaqin daromad oladi. Sentyabr-oktyabr oylarida tamaki ekini yig‘ishtirib olingach, o‘rniga g‘alla ekilishi dehqon uchun juda qulay.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Urgut tumanida 2016-2018 yillar davomida 600 dan ziyod fermer xo‘jaliklari tamaki yetishtirish bilan shug‘ullangan. Qishloq xo‘jaligi iqtisodi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, fermer xo‘jaliklari tamaki ekini ekilgan har gektar maydondan 1,7 million so‘mdan 4-5 million so‘mgacha daromad oladi.

Shuningdek, «British Amerikan Tobakko - O‘zbekiston» tomonidan fermer xo‘jaliklariga berilgan moddiy bo‘naklarning 61 foizi mamlakatimizda ishlab chiqilgan mahsulotlarni tashkil qilgan.