Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bankirlar sportda ham faol

Markaziy bank Samarqanld viloyat bosh boshqarmasi tashabbusi bilan bank tizimi xodimlari orasida sog‘lom turmush tarzi, jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada keng targ‘ib qilish maqsadida sportning 6 turi bo‘yicha “Markaziy bank kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.

Bir oy davom etgan musobaqada 400 nafardan ortiq bank xodimlari sportning minifutbol, merganlik, darts, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Barcha turlarda bankirlar o‘zlarining nafaqat ishda, balki sportda ham epchil va chaqqon ekanliklarini isbotladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Musobaqalarning yakunida o‘tkazilgan minifutbol bo‘yicha Xalq banki jamoasi kubokni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar “Aloqabank” jamoasi hamda Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi jamoasiga nasib etdi.

– Ishdan keyin sport bilan shug‘ullanishning zavqi boshqacha ekan, – deydi  Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Suvonqulov. – An’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan bu musobaqalarda ayniqsa, ishlayotgan xotin-qizlarimizning faolligi yildan-yilga oshmoqda. O‘tkazilgan sport tadbirlari orqali ishchi xodimlarimizning ishga bo‘lgan munosabati ham o‘zgarmoqda.

Bahriddin XONKELDIYeV.