Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Belgiyada qat’iy karantin cheklovlari qayta joriy etildi

Koronavirus infeksiyasi bilan zararlanganlar sonining muntazam oshib borayotganligi sababli, Belgiya hukumati qat’iy cheklov choralarini joriy etishga qaror qildi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Aleksandr de Kroo ma’lum qildi.

Yangi chora-tadbirlar doirasida bir haftaga yoki 16 noyabrga qadar (vaziyatga qarab) maktab o‘quvchilari ta’tili uzaytiriladi. Barcha hayotiy zarur emas do‘konlar (oziq-ovqat va supermarketlar bundan mustasno), sartaroshxonalar va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’yektlari yopiladi. Bundan tashqari, mehmon kutish va mehmonga borish ham taqiqlanadi, ishxonalar masofaviy ishlash tizimiga o‘tkaziladi.

Kroo mamlakatning ko‘plab kasalxonalarida bemorlarni qabul qilishning imkoni qolmayotganini, joylar yetishmayotganini ta’kidladi.
“Virus tarqalishini iloji boricha cheklash va bu zanjirni shu yo‘l orqali uzishdan boshqa choramiz yo‘q”, dedi u.

Shuningdek, u bu juda og‘riqli chora ekanini, biroq hisob-kitob va faktlarga asoslanganini qo‘shimcha qildi.