Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bibixonim temuriylar saltanatini qanday saqlab qolgandi?

Samarqand viloyat musiqali drama teatrida yozuvchi Shahodat Isaxonovaning “Turon malikasi” romani asosida sahnalashtirilgan “Bibixonim” spektakli premerasi bo‘lib o‘tdi.

Teatr bosh rejissyori Shuhrat Sanaqulov sahnalashtirgan mazkur tarixiy musiqiy drama Bibixonim va yosh Mirzo Ulug‘bekning o‘zaro suhbati bilan boshlanadi. Suhbat asnosida Sohibqiron bobomizning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi, ko‘plab olimu fuzalolarni Samarqandga olib kelganligiga guvoh bo‘lasiz. Sahna dekoratsiyalari, aktyorlar liboslari sizni bir zum Amir Temur saltanatiga yetaklaydi.

Voqealar rivojida Amir Temur vafotidan so‘ng temuriy shahzodalar o‘rtasida toj-u taxt uchun olib borilgan kurashlar natijasida saltanatning parchalanib ketayotganligi aks ettiriladi.

Xalil Sulton Mirzo bobosi Sohibqironning vasiyatiga amal qilmasdan o‘zboshimchalik bilan saltanat poytaxti - Samarqandni egallaydi. Malika Shod Mulk turmush o‘rtog‘i Xalil Sultonni qo‘g‘irchoqday o‘ynatib, uni munofiqlik yo‘liga boshlaydi. Bibixonim ularni nechog‘lik adolatli yo‘lga boshlashga urinmasin, o‘zlarini saltanat egalari deb hisoblaydi. Shu zayl Xalil Sulton hamda Shod Mulk rasman valiaxd deb e’lon qilinishi kerak bo‘lgan og‘asi shahzoda Pirmuhammad Mirzoni, sodiq bo‘lgan amir-u beklarni o‘ldiradi, qolganlarini esa poytaxtdan badarg‘a qiladi.

Spektakl so‘nggida yosh shahzoda Ulug‘bek Mirzo bulutlar ortidan ko‘ringan quyoshday Bibixonimda va xalqda umid uyg‘otib, Sohibqiron saltanatida tinchlik o‘rnatadi va taxtga o‘tiradi.

Spektaklning premerasida shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Samarqand viloyati filiali rahbari Rustam Qobilov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Shohruh Shaxanov.