Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun baraka ketadi»

Xalqimizda shunday naql borligini eshitgansiz. Agar janjal bir kun emas, oylar, yillar bo‘yi davom etsa-chi? Unda baraka qancha vaqtga ketadi? Qirq yilgami?

Buni bejiz aytmayapmiz. Gap shundaki, tahririyatimizga Urgut tumanining Rahmatobod mahallasida yashovchi Ahmad Fayziyev yer va mulk muammosida murojaat qildi.

Murojaatning mazmuni juda oddiy: «Qishlog‘imizda yashovchi bir necha fuqaro birja orqali sotib olgan yer maydoni va mulkimga egalik qilish, imorat qurish va faoliyat yuritishimga qarshilik qilyapti. Shu masalada yordam bersangiz…».

Murojaatni o‘qib, «Agar yer va mulk qonuniy tarzda olingan bo‘lsa, masalani yechish qiyin ish emas», deb o‘yladik. O‘ylaganimizdek, yer maydoni ham, mulk ham qonuniy olingan, hujjatlarda kamchilik yo‘q ekan. Faqat masalani yechish biz o‘ylagandek oson kechmadi. Nega, deysizmi? Unda voqea tafsilotlari bilan tanishing.

Avvalo, hujjatlarga bir bor razm solaylik.

Urgut tumani, Rahmatobod mahallasi Pudori qishlog‘ida yashovchi Ahmad Fayziyev 2008 yilning boshida tumandagi «URGUT JARTEPA TEX SERVIS» mas’uliyati cheklangan mashina-traktor parkiga qarashli sobiq «Zarafshon» shirkat xo‘jaligi hududida joylashgan pillaxonaning sotilayotgani haqida eshitadi. Uyiga yaqin joy emasmi, u yerda tadbirkorlik faoliyatini yuritishni mo‘ljallab, darhol zarur hujjatlarni to‘g‘rilaydi va birja savdosida ishtirok etadi. Natijada 2008 yil 12 fevral kuni «O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasining universal birja markazi» tomonidan tashkil etilgan elektron birja savdosida ushbu mulkni 1 million 500,2 ming so‘mga sotib oladi. Birja markazining bayonnomasi va shu asosda berilgan shartnoma topshiriqnomasiga asosan A.Fayziyevga tuman hokimining pillaxona va ushbu bino foydalanishida bo‘lgan yer maydonini doimiy foydalanish uchun biriktirib berish to‘g‘risida qarori qabul qilinadi.

Ana, hujjatlar taxt. Endi tadbirkorlikni boshlash kerak, xolos. Ammo «maydonga» bir muammo chiqadi: sotib olgan pillaxonaga tutash maydonda akasi – Asad Tursunov va uning farzandlari istiqomat qiladi. Endi ular tadbirkorning bu yerda faoliyat yuritishiga izn bermaydi: «Asosiy yo‘ldan hovliga kirish uchun yo‘l qoldirasan, quradigan imoratingni tomorqamdan uzoqroq qilasan». Ahmad aka esa sotib olgan mulki atrofidagi og‘asi ekkan teraklarni olishni talab qiladi. Xullas, hali u bahona, hali bu bahona sabab o‘rtada janjal chiqaveradi. Biroz muddat pillaxonaning bir xonasidan savdo do‘koni sifatida foydalanilganini aytmasa, bu yerda ahillik bo‘lmagani, aksincha o‘zaro janjallar sabab ham davlatga, ham tadbirkorga, ham aholiga foyda keltiradigan mulk xarobaga aylanib turaveradi. «Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun, yillar davomida janjallashadigan joydan qirq yil… baraka ketadi», deganimizning ma’nosi shunda.

Murojaatni o‘rganish uchun shu yilning 30 may kuni tuman hokimligi yuristi R.Tillayev, tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi boshlig‘i B.Umarov, mahalla faollari va profilaktika inspektori hamrohligida Pidori qishlog‘ida bo‘ldik. Bilishimizcha, biri yetmish, biri sakson yoshni qoralab qolgan aka-ukalaru ularning farzandlari janjali, shaxsiy adovatiga barham berish uchun mahalla faollari, tumandagi qator idora mutasaddilari harakat qilishgan. Ammo bu kutilgan natijani bermagan. Hatto, A.Fayziyev bundan avvalroq – mart oyida viloyat hokimining sayyor qabulida shu masala bilan murojaat qilganida hokim holatni diqqat bilan tinglab, uning yechimi uchun diniy idora vakillarini jalb etgan. To‘g‘ri-da, avvalo yoshi ulug‘, qolaversa, og‘a-ini bo‘lgan kishilarning o‘zaro adovatini odamiylik, diniy arkonlar, oqibatlilik tamoyillari asosida hal etish eng ma’qul yo‘l.

- Bundan ikki oy avval bu masalani yechish uchun tuman hokimligi mutaxassislari bilan Pudori qishlog‘iga borgandik, - deydi tuman bosh imom xatibi Sh.Haqberdiyev. – Holatni o‘rganib, mahalla faollari, Ahmad aka va Asad aka (u kishining o‘zi kasalxonada ekan)ning qarindoshlarini bir joyga to‘plab, ularning fikrlarini, muddaolarini tingladik. «Ikki metrlik yer kimdan ham qolmaydi, aka-uka, qarindosh-urug‘larning bu zayldagi janjali eshitgan quloqqa uyat», deya asosiy yo‘ldan Asad akaning hovlisi tomonga to‘rt metrlik kirish yo‘lagi va Ahmad aka quradigan imoratni qo‘shni hovliga ikki metr tashlab, bunyod etish taklifini berdik. Bu tomonlarga ma’qul tushdi va dalolatnoma tuzildi, rozilik xatlari yozildi. Shundan keyin duo qilib, chegaralar belgilangan holda qoziqlarni qoqtirdik. Masala shu bilan hal bo‘ldi, deb o‘ylagandik. Bugunga kelib Ahmad aka lafzidan qaytibdi. Ochig‘i, bu na diniy, na dunyoviy qoidalarga to‘g‘ri keladi. Lafz qilish, rozilik bildirish, kelishuvga ko‘ra yerlarni o‘lchab, qoziq qoqish – Alloh roziligi bilan ish tutish demak. Bundan yuz o‘girmoq – gunoh.

Bizning murojaatni o‘rganishimiz ham tuman hokimligi yuristi R.Tillayevning A.Fayziyevga 30 martdagi o‘sha kelishuvdan nega yuz o‘girganligiga javob olishdan boshlandi.

- Otaxon, axir, o‘sha kuni dastlab masalaning qonuniy yechimini axtardik, - deydi R.Tillayev. – Aka-uka, qarindoshchilikka noqulaylik keltiradigan jihatlar mavjudligi tufayli odamiylik yuzasidan akangizning yeri hududiga ikki metr qoldirib, imorat qurishga rozi bo‘ldingiz, endi bundan yuz o‘girayotganingiz nimasi?

- O‘ylab ko‘rsam, u kelishuv menga ma’qul kelmadi, - deydi A.Fayziyev. – Bugun akamga ikki metr yer tashlasam, ertaga qo‘shnisi menga ham shunday qilasan, deydi. Unda nima qilaman. Shuning uchun menga qonuniy holda olgan yer maydonimni ajratib beringlar, tamom-vassalom.

Murojaatni o‘rganib, bir qarorga kelishimiz oson bo‘lmadi. Soatlab davom etgan tortishuvlar davomida amaki, yanga va jiyanning bir-birini haqorat qilishidan, ochig‘i, uyaldik. Holat shu darajaga kelganki, masalaga qonuniy yechim izlansa, qarindoshlik rishtalari butkul uzilishi, o‘rtada paydo bo‘lgan nizo yana ko‘p yillar davom etishi mumkin. Aksincha holda hal etilishi esa qurilajak imoratning kadastr chizmalaridan farq qilishiga olib keladi. Qolaversa, endi bu kelishuvga Asad boboning farzandlari aslo rozi emas…

Savol tug‘iladi: masala nega bunchalik chigallashdi?

Javob oddiy: mulkni sotib olgan A.Fayziyev qo‘lidagi biznes-reja asosida darhol tadbirkorlik faoliyatini boshlamagan. U kishining davlat mulkidan samarali foydalanmayotganligi na tuman hokimligi, na mutasaddi idoralar rahbarlarini qiziqtirgan. Mavjud 4,3 sotix yer maydoniga ega mulk, mana, 11 yildirki, hech kimga foyda keltirmayapti. Vaholanki, bu yer uddaburon tadbirkor qo‘liga tekkanida necha kishiga ish o‘rni yaratilgan, mahsulot ishlab chiqarilgan yoki aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilgan, davlatga millionlab miqdorda soliq to‘langan, o‘nlab kishining ro‘zg‘ori obod bo‘lgan bo‘lardi. Bunga kim baho beradi? Tadbirkor mulkni sotib oldi, degani uni xohlasa ishlatadi, xohlamasa yo‘q, ixtiyori o‘zida, degani emasku. Agar A.Fayziyev mulkni sotib olgan vaqtida belgilangan chegara hududdan imoratni qurib, nizolashayotgan tomonni devor bilan to‘sganida va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganida janjallar kelib chiqmasligi mumkin edi-ku. Hatto bugun ham mulkning xaroba bo‘lib yotgani hali-beri janjallarga barham berilmasligidan dalolat. Bundan tuman hokimligi va tadbirkorlik faoliyatini nazorat qiladigan idoralar mutasaddilari xulosa chiqarsalar ma’qul bo‘lardi.

Akram HAYDAROV,

«Zarafshon»ning maxsus muxbiri.