Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Biz uchun ko‘chada bo‘lganlar mehnatini qadrlayapmizmi?

Uyimiz katta yo‘lga yaqinligi uchun odatda erta uyg‘onish uchun soat kerak emasdi. Negaki, mashinalarning tez-tez o‘tishi, gohida baland signali erta uyg‘onishimizga sabab bo‘lardi. Bugun barchasi boshqacha. Erta turib derazadan atrofni kuzatdim. Deyarli hech kim ko‘rinmaydi. Bir-ikki kishi kundalik ehtiyoj tufayli dorixona va mini-marketga kelib ketar. Barchaning yuzlarida niqob. Onda-sonda mashinalar yo‘ldan o‘tmoqda...

Faqat bir kasb egalari, to‘g‘rirog‘i fidoyilargina ko‘rinadi. Ular atrofni tozalash, ko‘chalarni supurish bilan andarmon. Sekin ularning qo‘llariga nazar tashlayman. Aksariyat ular yig‘ayotgan narsalar - tibbiy qo‘lqop va niqoblar. Oldin ham suhbatlashganim, ularning muammolari bilan tanish bo‘lganim uchun bir-birimizni qo‘llashimiz, bir-birimizni asrashimiz kerak bo‘lgan damda ularning mehnatiga loqaydligimizga ko‘z yumib tura olmadim. Axir ular kimnidir onasi, opasi. Ular ham uyda o‘tirishi mumkin edi. Ammo siz-u bizning, farzandlarimizning salomatligi, sog‘ligi uchun, ko‘chalarning obodligi uchun mehnat qilmoqda. 

Biz-chi? Bunga munosib javob berayapmizmi? Qo‘limizdan yechib tashlayotgan viruslarning o‘chog‘i bo‘lgan qo‘lqoplarni, boshqa chiqindilarni jamoat joylariga tashlayotganda, ko‘z oldingizga ularning salomatligi ham kelsin. Bir shior ostida barchamiz harakat qilayotgan bir vaqtda keling ularning mehnatini ham unutmaylik. Ko‘chada yurganda jamoat joylarini ozoda saqlashga biz ham hissa qo‘shaylik. Sinovli kunlarda bir-birimizning mehnatimizni qadrlaylik.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.