Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Biznes-ombudsmanga yolg‘on ma’lumot bergan rahbar jazolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) va uning hududlarda faoliyat yurituvchi xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining har bir murojaatiga alohida e’tibor qaratilib, tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

2020 yilning 6 oyi mobaynida Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlariga 156 ta murojaat kelib tushdi. Bu murojaatlarning 39 tasi ijobiy hal qilindi, 93 tasiga tegishli tartibda huquqiy tushuntirish berildi. 18 ta murojaat tegishliligiga ko‘ra boshqa idoralarga yuborildi va 6 tasi ko‘rib chiqish jarayonida qoldi.

Kelib tushgan murojaatlarning 25 foizi yer va binolar bilan bog‘liq masalalarga, 10 foizga yaqini soliq munosabatlariga, 8 foizi shartnomaviy munosabatlarga, 5 foizdan ortig‘i kredit va banklar faoliyatiga oid murojaatlarni tashkil qildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Biznes-ombudsman xodimlariga bila turib yolg‘on axborot berganlik yoxud ularning murojaatlarini asossiz ravishda belgilangan muddatda ko‘rib chiqmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Biroq davlat idoralarida faoliyat yurituvchi ayrim mansabdor shaxslar Biznes-ombudsman xodimlari tomonidan berilgan tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyati bilan bog‘liq so‘rov xatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik yoki ular yuzasidan yolg‘on va asossiz ma’lumotlar taqdim qilish holatlari uchramoqda.

Jumladan, Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari tomonidan Past Darg‘om tumanida faoliyat yurituvchi “Akmal BAO” fermer xo‘jaligining murojaatini o‘rganish jarayonida xo‘jalikka bir necha oydan buyon tumandagi Kimyogar mahallasi hududidagi 2 gektar yer maydonida issiqxona va mevalarni quritish binosi qurilishiga ruxsat berilmasdan kelinayotganligi aniqlandi.

Biznes-ombudsman xodimlarining mazkur murojaatda ko‘rsatilgan holatlarni o‘rganib, ma’lumot taqdim qilish haqida tuman hokimligiga yuborgan so‘rov xati Past Darg‘om tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilib, bo‘lim tomonidan ushbu holat bo‘yicha berilgan javob xatida viloyat qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashining qarori chiqmaganligi bois fermer xo‘jaligiga meva quritish sexi va issiqxona qurilishi uchun ruxsat berilmaganligi ma’lum qilingan.

Biroq murojaatni o‘rganish davomida ushbu masala viloyat qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashining 2019 yil 30 dekabrda o‘tkazilgan yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, xo‘jalikka mukammal (kapital) ob’yekt qurmaslik sharti bilan Kimyogar mahallasi hududidagi 2 gektar yer maydonida issiqxona va mevalarni quritish binosi qurishga ruxsat berilganligi va qaror nusxasi tegishli tashkilotlarga yuborilganligi aniqlandi.

Shu bois Biznes-ombudsman xodimining so‘rov xatiga yuzaki yondashilib, bila turib yolg‘on axborot va ishonchsiz ma’lumot taqdim etilganligi holati yuzasidan Past Darg‘om tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘iga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi.

Past Darg‘om tumani ma’muriy sudinining 2020 yil 12 maydagi qaroriga ko‘ra, bo‘lim boshlig‘iga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, 2020 yil 23 aprelda “Akmal BAO” fermer xo‘jaligiga tegishli 2.0 gektar yer maydonida zamonaviy issiqxona hamda meva va poliz ekinlarini quritish sexi qurilishiga ruxsat berish haqida Past Darg‘om tumani hokimining qarori chiqarilishi ta’minlandi.

Ta’kidlash lozimki, tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash, bu borada aniqlangan qonunbuzilish holatlarini zudlik bilan bartaraf etish hamda aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish kelgusida ham Biznes-ombudsman faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishi shubhasiz.

Jasur TURSUNOV,

Biznes-ombudsman devonining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi inspektori.