Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bog‘ibalanddagi tarixiy anjirzorga yetkazilayotgan zararning oldi olinadi

Kecha, 21 iyul kuni Zarnews.uz sayti va telegram kanalida mehnat faxriysi Jabbor Qodirovning Samarqand shahridagi Bog‘ibaland mahallasida anjirzor yaqinidagi korxonadan chiqayotgan chang tufayli ushbu bog‘ga zarar yetkazilayotgani haqidagi murojaati e’lon qilingandi.

Ushbu holat viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida haqiqatda ham korxona yaqinida joylashgan “Fuber Sidi Plast” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar jarayonida hosil bo‘lgan changlar ushbu anjirzorlarga zarar yetkazayotgani aniqlandi.

Shu bois jamiyat rahbariyatiga kelgusida bunday holat takrorlanmasligi uchun changni tutib qoluvchi uskunalar o‘rnatish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Samarqand shahar inspeksiyasi davlat inspektoriga ogohlantirish berilib, korxonaga 3 kun muddatda kunning ikkinchi yarmida “Jabbor Qodirov bog‘lari” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan anjir bog‘ini tartibga keltirishda amaliy ko‘mak berishi tushuntirildi.

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.