Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bosh prokuratura ochlik e’lon qilgan tadbirkor ishi yuzasidan axborot berdi

Fuqaro R.Xodjayevning internet tarmoqlarida tarqalgan videomurojaati yuzasidan Bosh prokuratura quyidagilarni ma’lum qildi.

R.Xodjayev uy-joy qurish uchun “I.Fozilov” MChJ hududidan yer uchastkasi ajratib berish evaziga fuqaro M.B.dan firibgarlik yo‘li bilan 17.500 AQSh dollari olib, uchastka ajratmasdan hamda pul mablag‘larini qaytarib bermasdan kelayotganligi holati yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan joriy yilning iyul oyida “I.Fozilov” MChJ ta’sischisi R.Xodjayev va jamiyat rahbari M.Gulyamovalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkazilgan dastlabki tergov harakatlari davomida R.Xodjayev M.Gulyamova bilan jinoiy til biriktirib, jamiyat hududidagi noturar bino inshootlarini buzishdan hosil bo‘lgan bo‘sh yer maydonlarini faqatgina sanoat ishlab chiqarish korxonalari qurib, faoliyat olib boriladigan noturar joy toifasiga mansubligi hamda tegishli qonunchilik hujjatlari talablariga ko‘ra, yer davlat mulki ekanligi, uni tasarruf etish mumkin emasligi haqidagi ma’lumotlarni yashirish orqali yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga muhtoj bo‘lgan bir necha fuqarolarga 2015-2016 yillar davomida hujjatlarni qalbakilashtirgan holda firibgarlik yo‘li bilan 88.000 AQSh dollariga sotganligi aniqlangan.

Yuqoridagi holatlarga asosan tergovga jalb qilingan R.Xodjayev bir necha marotaba viloyat prokuraturasiga tergov harakatlarini amalga oshirish uchun chaqirilishiga qaramasdan, u asossiz ravishda tergovdan bo‘yin tovlab, yashirinib kelgan.

Shu sababli R.Xodjayev viloyat prokuraturasiga majburiy tartibda keltirilib, sud ajrimiga asosan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.