Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bosh prokuror o‘rinbosariga Samarqandda 300 ga yaqin murojaat tushdi

Aholi bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni joyida bartaraf etish maqsadida 17-18 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rahbariyati Samarqand viloyatida hududiy sayyor qabullar o‘tkazdi.

Respublika Bosh prokurori o‘rinbosari Akmalxo‘ja Mavlonov boshchiligida Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida o‘tkazilgan qabullarda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan 370 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, ularning 300 ga yaqin murojaati qabul qilindi.

Kelib tushgan murojaatlarning 63 tasi qabul chog‘ida hal etildi. Xususan, 30 nafar ishsiz fuqaro ishga yo‘llanma oldi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga 23 ta nogironlik aravachasi, 4 ta eshitish moslamasi berildi. 3 nafar fuqaroning uy-joy masalasiga oid arizasi qanoatlantirildi. Yana uch tadbirkorning kredit olish bilan bog‘liq va boshqa muammolariga shu yerning o‘zida yechim topildi.

Sayyor qabullar davomida qayd etilgan murojaatlarning asosiy qismi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, sud qarorlari, surishtiruv va tergov faoliyatiga oid bo‘lib,  barchasi nazoratga olindi va ularni hal etish bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi.