Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bosh vazir qabulxonasiga ishtixonlik ishbilarmonlarning ishonchi ortmoqda.

Ishtixon tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi ishtixonlik ishbilarmonlarning muammolariga yechim topishga xizmat qilmoqda. Shu paytga qadar qabulxonaga tadbirkorlar tomonidan 68 ta murojaatlar kelib tushgan.  Ularning 55 tasi o‘rganilib, ijobiy hal etildi. 11 ta murojaatlar yuzasidan esa ijro jarayonlari olib borilmoqda.

Jumladan, mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Dong stone progress” xorijiy korxonasining elektr tarmoqlariga ulanishida yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha qilgan murojaati tuman hokimligi va elektr tarmoqlari korxonasi bilan hamkorlikda o‘rganildi va bu muammo 5 kun muddatda o‘z yechimini topdi.

Ba’zida asossiz yoki turli tushunmovchiliklar asosida ham murojaatlar bo‘lib turadi. Bunday vaqtda qabulxona xodimlari tomonidan murojaatchiga amaldagi qonunchilik asosida tushunchalar beriladi. Shu vaqtga qadar bu shakldagi murojaatlarning ikkitasi o‘rganib chiqilib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilib, zarur tushunchalar  berildi.

Hozirda qabulxona qoshida “business.gov.uz” yagona interaktiv portali faoliyat ko‘rsatmoqda. Portalda murojaatlar va ularning hal etilish sanalari hamda holati aks ettirib boriladi. Bu muammoning hal etilishida qabulxona tomonidan nazorat olib borishning samaradorligini oshirishda katta ahamiyatga ega.

Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar tuman aholisi va tadbirkorlari faoliyatida o‘zining ijobiy samarasini berib kelmoqda.

Otabek Sharafov.