Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Boyovutdagi bog‘chada 25 kishi ovqatdan zaharlandi

Joriy yilning 18-19 iyun kunlari Sirdaryo viloyati Boyovut tumani 21-sonli maktabgacha ta’lim muassasasining 23 nafar tarbiyalanuvchisi, 1 nafar tarbiyachisi hamda 1 nafar hamshirasi tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qayd qilish, ich ketishi, qorin sohasida og‘riq kabi kasallik belgilari bilan Boyovut tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga “o‘tkir ichak kasalligi, ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisiga gumon qilinib yotqizilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Dastlabki epidemiologik surishtiruvlar jarayonida mazkur muassasa ichimlik suvi bilan ta’minlanmagani, 17 iyun kuni toza ichimlik suvi tashib keltirilmaganligi natijasida bog‘chaning sanitariya-gigiyena qoidalari holati qoniqarsizligi, shuningdek, bolalar qaynatilmagan suv ichganligi hamda bog‘cha hududidagi mavjud o‘rikzordan o‘rik mevasini yaxshi yuvmasdan yeganligi oqibatida kasallik kelib chiqqanligi taxmin qilinmoqda. O‘rganish va laboratoriya tekshirish ishlari davom etmoqda.

Bemorlarning ahvoli o‘rta va yengil og‘irlikda, shifoxonada dori-darmonlar yetarli miqdorda, ularga kerakli barcha tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti, Virusoologiya ilmiy tekshirish instituti hamda Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining bir guruh tajribali mutaxassislari mazkur holatni joyiga chiqib o‘rganish, amalga oshirilayotgan davolash, profilaktika va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, mahalliy shifokorlarga amaliy yordam ko‘rsatish uchun safarbar etildi.

Vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.