Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tug‘ilgan kun

Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1938 yil 30 yanvarda Samarqand shahrida tavallud topgan.

O‘rta Osiyo politexnika va Toshkent xalq xo‘jaligi institutlarini tugatgan. Muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklariga ega.

Mehnat faoliyatini 1960 yil Toshkent qishloq xo‘jalik mashinasozligi zavodida boshlagan. Keyinchalik, Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor bo‘lib ishlagan. 1966 yilda O‘zbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga o‘tib, bosh mutaxassislikdan respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. 

 Islom Karimov 1983 yil O‘zbekiston SSR Moliya vaziri, 1986 yil O‘zbekiston SSR Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari, respublika Davlat plan komitetining raisi etib tayinlandi. 1986-1989 yillar mobaynida Qashqadaryo viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, 1989 yilning iyunidan boshlab O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimlarida ishladi. 

1990 yil 24 mart kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. 1991 yil 31 avgustda I.Karimov tarixiy voqea – O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi.

 Islom Karimov suveren va mustaqil O‘zbekistonni barpo etish, xalqparvar demokratik huquqiy davlat yaratish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta’minlash ishiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda bu borada matonat va jasorat ko‘rsatganligi uchun “O‘zbekiston Qahramoni“ unvoni bilan taqdirlangan.

  Islom Karimov 2016 yil 2 sentyabr kuni, 78 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi, 3 sentyabrda Samarqand shahrida dafn etildi.