Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugun tug‘ilgan kun

O‘zbek va tojik tillarida qalam tebratayotgan shoir, iqtidorli ijodkor Normurod Karimov 1951 yil 10 fevralda Samarqand tumanida tug‘ildi.

1958-1968 yillarda Samarqand tumanidagi 16-umumta’lim maktabida tahsil oldi. So‘ngra Sadriddin Ayniy nomidagi Samarqand pedagogika institutida o‘qidi.

Ilk mehnat faoliyatini 1972 yilda “Haqiqati O‘zbekiston” (hozirgi “Ovozi Tojik”) gazetasida boshladi. Bir vaqtning o‘zida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi 45-umumta’lim maktabida o‘qituvchi sifatida ham ishini davom ettirdi. Uch yildan so‘ng Samarqandga qaytib, o‘zi tahsil olgan 16-umumta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishladi va o‘rindoshlik asosida pedagogika institutining falsafa kafedrasida o‘qituvchilik qildi.

1981 yilda Samarqand tumanidagi pionerlar uyi (hozirgi «Barkamol avlod» bolalar maktabi) direktori lavozimiga tayinlandi. 12 yildan buyon esa Samarqand tumanidagi “Gulobod tongi” gazetasi tahririyatini boshqarmoqda.

Karimzoda taxallusi bilan ijod qilayotgan shoirning “Mehrnoma”, “Avroqi dil”, “Nasimi farahbaxsh”, “Umr saxovati yog‘dulari”, “Mehr ko‘zda”, “Chamaniston andisha”, “Obi rahmat”, “Ravzai roz”, “Suxanobod-3”, “Duraxshi ma’no”, “Shukronai istiqlol”, “Ko‘ngil saodati”, “Subh va xayr” kabi o‘ndan ziyod kitoblari bor.

Normurod Karimov O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Turon fanlar akademiyasi faxriy a’zosi.