Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugun tug‘ilgan kun

O‘zbekiston xalq artisti Shirin (Soraxon) Meliyeva 1921 yil 24 fevralda Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ildi.

1937 yili Shirinni Kattaqo‘rg‘on shahar teatri jamoasi o‘z bag‘riga oldi. Dastlab «Gulsara» spektaklidagi Oysara rolini o‘ynadi.

Sh.Meliyeva yaratgan rollar dastasi g‘oyat rang-barang. «Boy ila xizmatchi» dramasida Hoji ona Xonzoda, «Maysaraning ishi»da Maysara, «Xolisxon»da Mastura satang, «Arshin mololon» komediyasida Gulchehra, «G‘unchalar» asarida Nigora, «Nurxon»da Kimyo, «Oftobxon»da Oftobxon, «Surmaxon» asarida Surmaxon, «Uylanish» komediyasida Agafya Tixonovna, «Qonli to‘y» dramasida ona rollari shular jumlasidandir. Uning talqinidagi Said Ahmadning «Kelinlar qo‘zg‘oloni» spektaklida Farmonbibi roli o‘ziga xos mahorat bilan yaratilgan.

Shirin Meliyeva 1948 yildan 1978 yilgacha  Kattaqo‘rg‘on drama teatri direktori va badiiy rahbari vazifasida samarali xizmat qildi. Rejissyor sifatida ham ko‘plab asarlar sahnalashtirdi. «Xolisxon», «Adolat», «Abdulla Nabiyev», «Ona», «Bahs», «Sendan ugina», «O‘g‘limni qaytarib bering» kabi spektakllarini bugun ham yosh aktyorlar ijro etmoqda.

Shirin Meliyevaning o‘zbek teatr san’ati rivojidagi xizmatlari munosib baholandi. 1953 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist», 1964 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvonlari berildi. 1998 yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi.

Sh.Meliyeva 2001 yilda vafot etdi.