Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bundestag a’zosi Germaniya hukumatini Rossiyaga qarshi qo‘llanilayotgan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi

Bundestag xalqaro qo‘mitasi a’zosi Valdemart Gerdt Germaniya Rossiya bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishi va yangi turdagi koronavirus pandemiyasi sababli Rossiyaga nisbatan qo‘llanilayotgan samarasiz sanksiyalarni bekor qilish lozimligini ta’kidladi.

Uning fikriga ko‘ra, ushbu og‘ir damlarda mamlakatlar o‘zaro ahil bo‘lib, bir-birlariga yordam berishi kerak.

“Sanksiyalarni koronavirus inqirozi yuzaga kelishidan oldinroq bekor qilish zarur edi. Biroq endi barcha chegaralar yopilgan bir vaqtda, bu mavzu yanada dolzarbroq”, deya ta’kidladi Gerdt.

U Yevropa mamlakatlari Rossiya bilan tovar almashishni tiklashlari lozimligini, bu holat butun iqtisodiy tizim foydasiga ishlashini alohida ta’kidladi. Gerdt bu masalani Bundestagning kelgusi yig‘ilishi muhokamasiga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Bundestag “So‘lchilar” fraksiyasining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha rasmiy vakili Aleksandr Noy ushbu tashabbusni qo‘llashini ma’lum qildi.

“Hukumat dolzarb masalalar yechimiga diqqatni qaratishi lozim. Rossiyaga qarshi qo‘llanilayotgan sanksiyalar, shubhasiz, foyda keltirmayapti. Ayniqsa, hozirgi og‘ir vaziyatda”, deb fikr bildirdi siyosatchi.