Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Chaqiriqqa borgan tibbiyot xodimi kaltaklandi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan chaqiriq paytida bemorning yaqinlari tomonidan kaltaklangan tez yordam xodimining Zomin tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch xirurgiya bo‘limida yotib davolanayotganligi haqidagi xabar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganilib, quyidagilar ma’lum qilinadi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 23 avgust kuni soat 12:06 da Jizzax viloyat “Sall-markaz”iga Zomin tumani Oqtepa MFY J.Sulaymanov ko‘chasida yashovchi fuqaro A.B.ga yaqinlari tomonidan chaqiriq bo‘lgan. Soat 12:10 da tez yordam brigadasi ushbu fuqaroning yashash xonadoniga yetib borgan.

Shifokor 1939 yil tug‘ilgan bemorni tekshiruvdan o‘tkazgach, bemorning umumiy ahvoli og‘ir bo‘lganligi sababli shifoxonada statsionar sharoitda yotib davolanishi uchun olib ketish kerakligini aytadi.

Ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bemorning yaqinlari bunga ruxsat berishmagan. Shundan so‘ng tez yordam brigadasi tomonidan zarur birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, kerakli maslahatlar berilgan.

Shu kuni soat 13:42 da mazkur xonadondan yana qayta viloyat “Sall-markazi”ga chaqiriq bo‘lgan. Tuman tez yordam brigadasi soat 13:47 da bemorning yashash xonadoniga yetib borgan vaqtda bemorda biologik o‘lim yuz berganligi ma’lum bo‘lgan.

Tez yordam bo‘limi navbatchi feldsheri E.I. ushbu holat yuzasidan tushuntirish berayotgan vaqtida bemorning yaqinlari tomonidan kaltaklangan.

Feldsher E.I. zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limiga olib kelingan vaqtda u karaxt holda ko‘ngli aynib, qayd qilishi kuzatilgan. Bemor tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilib, shoshilinch xirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga yopiq bosh miya chayqalishi, bo‘yin sohasi yumshoq to‘qimlarining lat yeyishi, teri osti gematomasi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda bemorga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar berilgan bo‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmokda.

Ushbu vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.