Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Cho‘ntakka qulay, ham hayot uchun xavfsiz bu imkoniyatdan kim foydalanyapti?

Yuzlab yurtdoshlarimiz ishlab daromad topish maqsadida xorij davlatlariga otlanmoqda. Ammo ko‘zlagan manzillariga yetib olishlari uchun chipta topishning o‘zi muammo. Topilganlarining ham narxi osmonda. Aksariyat kishilar boradigan joylariga xavfsiz yetib olishlari uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining viloyat filiali xizmatlaridan foydalanmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqishda xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va uning hududiy filiallari huzurida ixtisoslashtirilgan kassalar tashkil etilgan. Jumladan, Samarqand shahridagi Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi ixtisoslashtirilgan kassa orqali kuniga 100-130 nafar samarqandliklarga imtiyozli temir yo‘l va avia chiptalari sotilmoqda.

Ixtisoslashtirilgan kassa oldida har kuni tumonat odam. Har kuni yuzdan ziyod mehnat migrantlari 20 foizlik chegirma bilan chipta olish uchun kassada navbat kutib turibdi. Ayrimlar xorijga ketishni istovchilar ko‘pligi tufayli chipta olish uchun ikki kunlab kutishga majbur bo‘lmoqda. Murojaat etuvchilarning 90 foizi aviachipta olish niyatida.  

- Juma kuni kelib navbatda turdim, odam ko‘pligi uchun olishga ulgurmagandim, - deydi Urgut tumanining G‘o‘s qishlog‘idan kelgan Aziz Xo‘jaqulov. – Kassa shanba kuni ishlamaganligi sababli dushanba kuni yana keldim. Tushgacha turib nihoyat samolyotga aviachipta olishga muvaffaq bo‘ldim.

Ixtisoslashtirilgan kassa «O‘zbekiston temir yo‘llari» Samarqand filiali chiptaxona binosida ijara asosida faoliyat yuritmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, kassa shanba va yakshanba kunlari ishlamaganligi sababli haftaning dushanba, seshanba kunlari navbatda turganlar ko‘payib ketar ekan.

- Migrantlarga qulaylik yaratish maqsadida chipta sotish uchun bittadan avia va temir yo‘l kassasi ajratilgan, -  deydi chiptaxona ish yurituvchisi Shamsiddin Berdiyev. – Ammo, navbatda turganlarning barchasi mehnat migrantlari bo‘lib, bitta chiptachi hammaga xizmat qilishga ulgurmaydi. Chunki har bir fuqaroning hujjatlarini tekshirib, ularning boradigan manziliga samolyot bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun kamida 5-8 daqiqa vaqt ketadi. Ammo, kassa oldida yuzlab odam navbatda turibdi.   

- Sankt-Peterburg shahriga qurilishda ishlash uchun ketmoqchiman, - deydi Nurobod tumani O‘rtabo‘z mahallasida yashovchi Normurod Omonov. – Bu yerga kelishdan oldin tuman aholi bandligiga ko‘maklashuvchi markaz xodimlarining suhbatidan o‘tdim. Ular menga chiptalarni imtiyozli yo‘llanma orqali sotib olishimni tavsiya qilishdi.

Yil boshidan buyon mazkur ixtisoslashtirilgan kassa xizmatidan viloyatimiz bo‘yicha 4774 nafar fuqaro foydalandi. Ularning 3125 nafariga avia va 504 nafariga temiryo‘l chiptalari sotilgan. Sotilgan chiptalarga 20 foizlik chegirmadan tashqari “Aloqa bank” ATB tomonidan har bir chiptaga 300 ming so‘mdan, jami 1 088 700 000 so‘m miqdorida chipta harajatlari qoplab berildi.

- Agentligimiz orqali xorijga ketishni istovchilar juda ko‘p, - deydi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi viloyat filiali direktori Abduaziz Hafizov. – Davlatimiz tomonidan yaratilgan imtiyozlardan foydalanib, Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Saratov kabi shaharlariga, shuningdek, Qozog‘istonga borib ishlashni xohlashmoqda. Ular orasida uzoq tumanlardan kelganlar ham bor. Ammo, tartib-intizomga, navbatga amal qilinsa bunga erishish mumkin. Bugun chipta ololmadimi, ertaga kelib buni amalga oshirsa bo‘ladi.

Xorijga ketuvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida shahar va tumanlardagi bandlikka ko‘maklashish markazlari qoshida sektorlar tashkil etganmiz. U yerda fuqarolarni ma’lumotlar bazasiga ro‘yxatga olish bilan birga tushuntirish ishlari ham olib borishadi. Ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migranti yo‘llanma orqali 20 foiz chegirma bilan temir yo‘l hamda aviachiptalarni sotib oladi. Shuningdek, ularga bir yilda bir marotaba “Aloqa bank”ning viloyat bo‘limi tomonidan chipta harajatlarini qoplash uchun “Viza migrant” kartasi ham joriy qilinib, 300 ming so‘m miqdorida beg‘araz yordam ko‘rsatilyapti.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan kassada sug‘urta agentligi vakili fuqarolar jo‘nab ketganidan 30 kun ichida bo‘lgan davr uchun ularning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urta qiladi.

Bugungi kunda viloyatda migrantlar uchun faqat bitta kassa xizmat qilmoqda. Bu esa chipta oluvchilar o‘rtasida ba’zi noroziliklarga sabab bo‘layapti. Xo‘sh, bu kabi noroziliklarning oldini olish uchun nima qilish kerak? Kuni bilan tik oyoqda o‘z navbatini kutayotgan migrantlarga yana qanday sharoit yaratish mumkin? Bu haqda mutasaddilar o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi.

Chunki fuqarolarimiz uchun ko‘rsatilayotgan barcha xizmatlar vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijdagi manziliga qadar xavfsiz yetib olishi yo‘l-transport xodisalarini oldini olishga qaratilganligini unutmasligimiz kerak. 

Dilmurod TO‘XTAYeV.