Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dahbed ko‘chasida «shohbekat», yo‘ldagi reydlar, o‘zini qoplamayotgan avtobuslar…

Navbatdagi xizmat safari bilan Oqdaryo tumaniga yo‘l oldim. Samarqand shahridagi eng tor joy - Dahbed va Rudakiy ko‘chalari chorrahasidagi qator savdo, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashgan binolar yonidagi kaftday joyda o‘nlab «Damas»lar shunday joylashganki, ularning mohirlik bilan tig‘iz qo‘yilganidan aqling shoshadi. Atrofdagi baqir-chaqiru, g‘ala-g‘ovur bozordagidan o‘tib tushadi. Xullas, xuddi mana shu joydan Oqdaryo, Payariq, Ishtixon, Qo‘shrabot tumanlariga transport qatnaydi. «Avtoturargoh» qoidalari bu yerda ham bor. Yo‘lovchilar uchun qulay joyda, naq mashinalarning tutuni ostida non, qand-qurs ochiq-sochiq sotiladi. «Damas»lar ham o‘z navbatida shu kaftday joy uchun «stoyanshik»ka pul tashlab, yo‘lga ravona bo‘lishadi.

Haydovchining hadigi

Oqdaryodan qaytishda esa yengil mashinada, taksi deb ataladigan, ammo xizmat va sifati taksi talabiga javob bermaydigan «Nexia»da shaharga qaytdim. Yo‘lda haydovchi negadir ismini aytib, o‘zini tanishtira boshladi. «Mabodo to‘xtatishsa, qarindoshmiz, shaharga ish bilan ketyapmiz, deb qo‘yarsizlar», deya iltimos qildi.

- Hadik bilan yo‘lga chiqqandan ko‘ra, hujjatlarni to‘g‘rilab, litsenziya olsangiz bo‘lmaydimi? - dedim ranjib.

- Opa, bizam qonuniy ishlashni istaymiz, - haydovchi hol so‘rovchi izlab yurgan shekilli, darhol fikrlarini ayta boshladi. – Ammo yengil mashinaga litsenziya olish uchun mashinamni sariqqa bo‘yashim kerak, yana qator shartlari bor 4-5 million so‘m xarajat qilishimga to‘g‘ri keladi. Ko‘pincha indashmaydi, ammo yaqindan boshlab avtobus yo‘lga qo‘yildi, shunga odamlar avtobusga ko‘nikkunga qadar yengil avtomashinalar qatnovini cheklab turishadi. Bu birinchi marta emas, o‘rganib ketganmiz. Lekin avtobuschilarga ham qiyin. Odamlar istagan payti yengil mashina yo «Damas»ga minib ketishga o‘rgangan. Avtobuslar esa narxi arzon bo‘lsa-da, yo‘lovchi ololmay qiynaladi.

Reyd mavsumi

Bu kabi voqealarni birinchi marta eshitayotganimiz yo‘q. Misol uchun, «Toshkent-Samarqand» yo‘nalishida qatnaydigan avtobuslar yo‘lga qo‘yilganida ham reyd boshlangandi. Ular ham yuqoridagi haydovchi kabi «qarindosh»larini olib Toshkent yo Samarqandga qatnay boshlaydi. Shu mavzu bo‘yicha maqola yozilayotgan paytda televideniye orqali poytaxtga qatnaydigan avtobus haydovchisining fikrlarini eshitib qoldim.

- Avtobuslar yo‘lga qo‘yilganiga ancha bo‘ldi. Narxi 35 ming so‘m, ammo hali ko‘pchilik bilmaydi. Yozda sovutkichlar ishlab turadi, juda qulay, - dedi haydovchi.

Haqiqatan ham yo‘lovchi tashiydigan, biz noqonuniy deb aytishga o‘rganib qolgan taksilarga nisbatan ancha arzon. Savol tug‘iladi. Xo‘sh, nega bizda doim shunday? Nega bir ishni yo‘lga qo‘yishdan oldin o‘sha tarmoq chuqur o‘rganilmaydi? To‘g‘ri, hamma sohada ham emas. Masalan, brendli do‘konlar bozorga kirib olishdan oldin xarid quvvatini chuqur o‘rganadi, aholiga o‘ziga xos, bozordagidan o‘zgacha, shuningdek, arzonroq mahsulotni chiqaradi va mijozni jalb etadi. Mijozlar ko‘paya boshlagach, asta-sekin narxlar yana o‘sha, bozor narxiday bo‘ladi-qoladi. Muhimi, mijoz, o‘sha do‘konga kirishga o‘rgandi, endi u narxga jiddiy e’tiroz bildirmaydi. Xo‘sh, nega shu usul jamoat transportiga ham qo‘llanilmaydi? To‘g‘ri, jamoat transportining ijtimoiy jihati mavjud. Ya’ni aholining ijtimoiy himoyasi yo‘lida tashkil etilayotgan jamoat transporti sohasida daromad olish biroz murakkabroqdir. Ammo imkonsiz emas.

Litsenziya yo‘q, talabgor ko‘p

Samarqand viloyat transport boshqarmasi xodimlaridan bu haqda so‘raganimda, haqiqatan ham yengil avtomashinalarga litsenziya berish tartibi murakkab ekanligi, bu bo‘yicha hukumatga taklif berilganini aytishdi. Shuningdek, ayni paytda Paxtachi va Narpay tumanlaridan tashqari viloyatning barcha shahar va tumanlarida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani, ular aniq jadval asosida qatnayotganini bildirishdi. Lekin boshqarma xodimlarining aytishicha, bu avtobuslar o‘z tannarxini qoplamayapti. Sababi o‘sha – yo‘lovchilar noqonuniy qatnayotgan yengil avtomobillar xizmatidan foydalanayotganida emish.

Barcha tuman, shahar va boshqa viloyatlarga qatnaydigan yengil avtomobillarning katta foizi litsenziyasiz. Demakki, na haydovchining, na mashinaning yo‘lovchi olib yurish uchun tegishli hujjati bor (afsuski, yo‘lovchilar o‘zi mingan taksining litsenziyasi bor yoki yo‘qligini faqat transport hodisasi yuz bergandagina eslashadi). Avtobuslar esa hozircha ustun tomonini aholiga namoyish etolmadi, nazarimizda, buni namoyish etishni istayotgani ham bilinmayotir. Yo‘llardagi nosozliklar avtobusning tumanlarga yengil avtomobillarga nisbatan katta vaqt farqi bilan yetib borishini hisobga olsak, bu masalada ularga «hamdardlik» bildirgingiz keladi. Ammo tizimni yaxshilash uchun kreativ yondashuv kerak. Jamoat transporti sohasi jiddiy islohga muhtoj.

Gulruh MO‘MINOVA.