Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Darg‘om kanali miloddan avvalgi V-VI asrlarda qazilgan

Foto: kun.uz

Darg‘om - Zarafshon daryosidan suv olinadigan qadimiy kanal. Ravotxo‘ja qishlog‘i yaqinidagi to‘g‘ondan boshlanib, Ulus cho‘ligacha davom etadi.

Tarixiy manbalarda kanalning miloddan avvalgi V-VI asrlarda qazilganligi qayd qilingan. Klavdiy Ptolemey tuzgan xaritada (II asr) Darg‘om kanali «Dargomaniy» deyilgan. Qadimda kanalning bosh to‘g‘oni bir necha bor xarob bo‘lgan. Novlariga qo‘rg‘oshin yotqizilgan. Bosh to‘g‘on 1220 yilda Chingizxon tomonidan buzdirilgan. XVIII asrdagi suv toshqinlari to‘g‘onni bir necha marta yuvib ketgan.

1920-1930 yillarda bosh to‘g‘on qayta tiklandi, suv taqsimlovchi qo‘shimcha to‘g‘onlar qurildi. Darg‘om kanali Yangi Darg‘om va Aylanma Darg‘om kanallarini o‘z ichiga oladi. Darg‘om kanalidan suv Samarqand shahriga Shavdor va Bog‘ishamol taqsimlagichlari orqali, Qashqadaryo viloyatiga esa Eski Anhor kanali orqali yetkaziladi.

Bugungi kunda Darg‘om kanalining umumiy uzunligi 100 kilometr. Suv o‘tkazish imkoniyati – 125 metr/kub.

Darg‘om kanali bo‘yida ilgari Xishrav, Yerteshar, Tallig‘ulon-1 va Tallig‘ulon-2 gidroelektr stansiyalari qurilgan. Yangi Darg‘om Eski Darg‘omga (bosh qismidan 11 kilometr naridan) quyuladi va kanal suvini ko‘paytiradi. Uning uzunligi 10,5 kilometr, 600 metr masofada kanal tunnel bo‘ylab o‘tadi. Aylanma Darg‘om kanali Qashqadaryo viloyatiga sekndiga 45 metr/kub suv berish zaruriyati bilan qurilgan.

Bu kanal bosh to‘g‘oni rostlagich orqali Yangi Darg‘om bilan umumiy suv olish havzasiga ega va 20,5 kilometrdan so‘ng Eski Darg‘omga quyiladi. Urgut, Samarqand, Pastdarg‘om tumanlaridagi 67,5 ming gektar, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Kitob tumanlaridagi 50 ming gektar yer sug‘oriladi.

1220 yilda Chingiz bosqinchilari tomonidan Darg‘omning yuqori qismi buzib tashlangan. Oqibatda Samarqanddagi qishloq hududlarini suv bosgan. Shu sabab mahalliy xalq Darg‘om nomini «Dardu-g‘am», deb ataganlar. Bu nom fors tilidan olingan.

Hozirgi kunda Darg‘om kanalining maksimal suv sarfi 100-113 metr/sekundni, o‘rtacha suv sarfi 25-50 metr/sekundni tashkil etadi.

Kanalda yoz oylari suv ko‘payib, to‘lib va loyqalanib oqadi. Darg‘om kanalidan Samarqand viloyatining Urgut, Tayloq, Samarqand va Pastdarg‘om tumanlarining qishloq landshaflari va ekin maydonlari suv ichadi.

Darg‘om kanali bo‘ylab Tallig‘ulon va Xishrav gidroelektrostansiyalari qurilgan. Kanal atrofida istirohat bog‘lari, xiyobonlar, hovuzlar, mevali bog‘lar, tokzorlar va choyxonalar tashkil etilgan. Darg‘om kanalidan janubroqda unga parallel joylashgan Yangi ariq kanali oqib o‘tadi.

Tal’at ABDULLAYeV.