Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oqdaryo va Narpayda 4 ta bog‘cha foydalanishga topshirildi

Oqdaryo tumani Yangiravot 2 mahallasida mukammal ta’mirdan chiqqan 28-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi.

Marosimda so‘z olganlar yurtimiz yoshlarining jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib kamol topishi, namunali bilim va kasb-hunarlarni yaxshi egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagog kadrlar bilimi va malakasini oshirish bilan birga, bog‘chalarning zamon talablari qiyofasiga keltirilayotganiga ham alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Tumanning Qorateri qishlog‘ida investitsiya dasturi asosida qayta ta’mirlangan bog‘cha 75 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, har xil mebellar, maxsus krovatlar, tibbiy asbob-uskunalar hamda turli o‘yinchoq va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Muassasa bog‘ida bolalar uchun mavsumiy o‘yin va sport maydonchalari o‘rin olgan. Oshxona va yuvinish xonalari ham zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan.

– Shu yoshgacha har xil sharoitlarni ko‘rdik, – deydi mahallaning 80 yoshli otaxoni Abror Asrorov. – Ammo bugungiday farovon hayot, ketma-ket bayramlarga duch kelmadik. Bularning hammasi tinchlik, xotirjamlikdan. Bunga chekka bo‘lsa-da, qishlog‘imiz bolajonlari uchun shunday imkoniyatlarga ega muassasaning bunyod etilganini ham misol keltirish mumkin.       

Xuddi shunday marosim Narpay tumanida ham bo‘lib o‘tdi.

Tumanning Mushkent, Istiqlol va Qadim mahallalarida 3 ta barcha shart-sharoitlarga ega  oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari foydalanishga topshirildi.