Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dashtak arig‘i yoxud uning bo‘yida o‘suvchi noyob gul-u gulob sharbati xususida

Xazormixning o‘ng tomonidan birinchi Dashtak arig‘i suv oladi. U Xo‘ja Abdu Berun masjidi va qabristoni o‘rtasidan o‘tib, Qumzor, Dashtaq, G‘orandi, Pistamazor, Rustamqishloq, Rajabamin, Kaftarxona kabi Samarqand shahridagi kunchiqar tomonda joylashgan qishloqlarni suv bilan ta’minlaydi, ortiqcha suv esa Kavarzor kanaliga tushadi.

Xazormixdan ajratilgan Dashtak arig‘i asosan Bog‘itillo bog‘larini, shuningdek, Kaftarxona, Rajabamin, Gulbog‘ qishloqlari hududidagi bog‘larni to‘liq suv bilan ta’minlab kelmoqda. Men 1980 yillarda bu qishloq hududlarida brigada boshlig‘i bo‘lib ishlaganman. O‘sha vaqtda Dashtak arig‘i to‘lib oqar, qishloq xo‘jaligi ekinlari, uzumzorlar, aholi hovlilari bu ariq suvidan beminnat bahramand bo‘lishardi. Shu o‘rinda hali-hamon esimda bo‘lgan bir haqiqatni aytib o‘tsam: tadbirkor va omilkor kishilar Rajabamin qishlog‘idagi Beshiktepa guzari hududidan oqib o‘tuvchi Dashtak arig‘i bo‘yida noyob gullar yetishtirar, undan gulob sharbati olishardi. Bu o‘sha paytlardayoq kishilarimizning o‘ta uddaburon bo‘lganlaridan darak.

Shu bilan birga ushbu ariq bo‘yida «Javs» navli noyob uzum ham yetishtirganlar. Garchi uzumning o‘zini chetga chiqarishning iloji bo‘lmagan bo‘lsa-da, undan tayyorlangan mayiz dunyoning eng sifatli mayizlaridan hisoblangan va shuning uchun «Javs»dan tayyorlangan mayizga dunyo bozorida talab katta bo‘lgan. Lekin bu uzum navi faqat Urgut tumanidagi Mo‘minobod hamda Samarqand tumanidagi Rajabamin qishlog‘idagina yetishtirilgan, xolos. To‘g‘ri, qolgan joylarda ham ekilgan, yetishtirilgan. Biroq tabiat boshqa joylarda uzumning «Javs»ga xos shirin ta’mini in’om etmagan.

Dashtak arig‘i Rajabamin va Kaftarxonada yashagan aholining aksariyati xonadonida suv oqib o‘tgan. Ushbu suvdan ular to‘liq foydalanib, ikki qishloqdagi mavjud hovuzlarni suv bilan ta’minlab kelgan.

Tal’at ABDULLAYeV.