Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dasturga taklif bor

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar asosida “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi loyihasi ishlab chiqildi va ayni paytda qizg‘in muhokama etilmoqda.

Dastur  loyihasi 253 bandni o‘z ichiga olgan besh yo‘nalishdan iborat. 10 yanvargacha loyiha bo‘yicha 637 ishtirokchi tomonidan 1873 ta izoh bildirilgan. Bu izohlar asosan birinchi yo‘nalish - “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari”da (593 ta), uchinchi yo‘nalish - “Iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etishning ustuvor yo‘nalishlari” (388 ta) va to‘rtinchi yo‘nalish – “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlar” da (505 ta) eng ko‘p qayd etilgan.

Oliy Majlis palatalarining norma ijodkorligi va parlament nazorati yo‘nalishidagi faoliyatini kuchaytirish va samaradorligini oshirish (1-band) bo‘yicha fuqarolar tomonidan 66 ta fikr-mulohazalar bildirilgan.

Vazirlar Mahkamasi a’zolarini Oliy Majlis, tegishli viloyat, tuman va shahar davlat organlari rahbarlarini tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlash amaliyotini joriy etish (2-band) bo‘yicha 48 ta izoh qoldirilgan.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini yaratish (4-band)da ham keng jamoatchilik faol qatnashmoqda. Bu bandda 80 dan ortiq munosabat va fikrlar bayon etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchi sifatida Davlat dasturiga quyidagi takliflarni bildirmoqchiman.

Birinchi taklif: Investitsiya asosida qurilib foydalanishga topshirilayotgan ob’yektlarni qabul qilishda jamoatchilik komissiyalari emas, balki Davlat dasturi asosida qurilib foydalanishga topshirilgan maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalarini bevosita o‘sha tashkilotlar rahbarlar o‘zlari qabul qilishlari lozim.

Qabul qilish dalolatnomalarini imzolashda ikki tomonning ham javobgarligini qat’iy belgilash kerak. Ya’ni amalga oshirilgan qurilish ishlarining keyingi ta’mirlash ishlari va qabul qilingan jihozlarning yaroqlilik muddatini aniq belgilash zarur.

Bugungi kunda jamoatchilik komissiyalarining hech qanday javobgarligi belgilanmagan. Bu esa byudjet mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi yoki o‘zlashtirilishi holatini yuzaga keltiradi.

Jamoatchilik komissiyasi faqat ish jarayonini nazorat qilish maqsadida faoliyat ko‘rsatishi mumkin.

Ikkinchi taklif: Ayni kunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyalarining viloyat birlashmalari mavjud.

Shahar va tumanlarda esa 4 ta yoki 5 ta kasaba uyushma tarmoqlari faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu tarmoqlarni birlashtirgan holda shahar va tumanlar kengashlarini tashkil etish maqsadga muvofiq.

Uchinchi taklif: Respublika bo‘yicha mavjud barcha mahalla, qishloq va ko‘chalar nomlarini qayta ko‘rib chiqib, ma’naviyatimizga zid, eskirgan nomlarni yangilash, nom qo‘yilmagan maskanlarni nomlashni yakunlash hamda ularning bir xil namunada yozishni tashkil etish. Joy nomlarini ko‘rsatilgan lavhalarni yozish va o‘rnatilishini ta’minlash uchun moliyaviy manbalarni aniq belgilash.

I.JABBOROV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi.